Saylovoldi jarayonida qonunbuzarlik bo‘ldimi? Oliy sud raisi javob berdi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2021 4781 1 daqiqa
Saylov oldi tashviqot jarayoni boshlangandan buyon, ya’ni 20 sentyabrdan shu kunga qadar saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida axborot va tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmagan. Bu haqda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov saylov jarayoni bo‘yicha tashkil etilgan brifingda ma’lum qildi.
Kozimjon Komilovning qo‘shimcha qilishicha, fuqarolarning saylash yoki saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini, ishonchli vakillarni o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlarida zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish orqali to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmagan.
“24 iyuldan 14 oktyabrga qadar saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilining, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, saylovni moliyalashtirish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bilan bog‘liq ishlar sudlarga kelib tushmagan”, deya qo‘shimcha qildi Oliy sud Raisi Kozimjon Komilov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidentligi uchun saylovda ovoz berish soat 20:00 da yakunlanadi. Soat 15:00 holatiga jami saylovchilarning 64,2 foizi yoki 12 748 549 nafari ovoz berib bo‘ldi.
Live
Barchasi