Turkiyada terakt
Tahlil
−
24 Oktabr
6558Turkiyaning Anqara shahrida terakt sodir bo‘ldi. 23 oktyabr kuni taxminan soat 15:30 lar atrofida Anqaraning Qahramonqozon tumanidagi Turk aerokosmik sanoati (TAI) ob’ektlariga terror hujumi uyushtirilgan. Dastlab ob’ektlar oldida otishma va portlash ovozlari eshitilgan, oradan vaqt o‘tib bu terakt ekani aniqlangan.
Tarmoqlarda terrorchilarning ob’ektga borgan vaqtidagi videolari paydo bo‘ldi. Tasvirda barcha eshiklari ochiq taksi aks etgan. Terrorchining avvaliga taksi orqasiga o‘tgani, so‘ng chap tarafga o‘tib, ob’ektni nishonga olganini ko‘rish mumkin.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ushbu holat yuzasidan bergan birinchi bayonotida qurbonlar borligini ma’lum qildi.
“Anqaradagi Qahramonqozon ob’ektlariga terror hujumi uyushtirildi. Afsuski, shahidlarimiz va yaradorlarimiz bor. Alloh rahmatiga olsin”, degan vazir.
Ichki ishlar vazirining birinchi bayonotida qurbon bo‘lgan va yaradorlarning aniq soni ochiqlanmagan. Qozon shahrida bo‘lib o‘tayotgan BRICS sammitiga borgan mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida 4 kishi halok bo‘lganini va 14 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.
“Bu qabih terroristik hujumni qoralayman, shahidlarimizga Allohdan rahmat tilayman”, degan u.
Oradan bir necha soat o‘tib, terak oqibatida qurbon bo‘lganlar soni ortgani ma’lum bo‘ldi. Bayonotga ko‘ra, hodisa oqibatida 5 kishi qurbon bo‘lgan, 22 kishi yaralangan.
“Terrorchilik hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni besh nafarga yetdi, jami jarohatlanganlar soni 22 kishini tashkil etdi, ulardan uch nafari shifoxonadan chiqarildi”, degan vazir efirda.
Ichki ishlar vaziri hujumga mamlakatda faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi terror tashkiloti aloqador bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.
“Boshidan beri sodir bo‘lgan voqealar va ko‘rgan tasvirlarimiz katta ehtimol bilan Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK)ning qilgan ishlari bilan bog‘liq. Bizning baholashimiz shunday. Shaxslar aniqlangandan so‘ng, yakuniy natijani siz bilan bo‘lishami”, degan Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya.
Vazir Ali Yerliqoyaning Kurdiston ishchilar partiyasidan gumonlanishi bekorga emas. Kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, 2022 yilda Mersin politsiya uyi va 2023 yilda Ichki ishlar vazirligiga Kurdiston ishchilar partiyasi tomonidan qilingan hujumlarda xuddi bugun “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida sodir bo‘lganga o‘xshash usullar qo‘llanilgan.
Albatta, hammada nima uchun terakt Turk aerokosmik sanoati zavodida sodir etildi, degan savol ham paydo bo‘ladi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, hujum 15:26 da aerokosmik sanoati zavodining asosiy darvozasida sodir bo‘ldi. 15:26 korxona xodimlarining navbat almashadigan vaqti. Hujum qilingan eshik esa aynan xodimlar eshigi.
Tushunganingizdek, terrorchilar zavodning xodimlari qachon birinchi o‘z ishini tugatadi, qachon boshqa xodimlar ish boshlaydi, hammasini yaxshi bilgan. Kuzatgan desak ham mubolag‘a emas. Videolarda terrorchilar to‘liq qurollangani va sumkalari kattaligini ko‘rish mumkin.
Turk aerokosmik zavodida 5-avlod qiruvchi KAAN samolyoti ishlab chiqarilgan. Qolaversa, Turkiya tomonidan Suriya va Iroq shimolidagi terroristlar ham aynan shu zavod qurollari bilan o‘qqa tutilgan.
Adliya vaziri Yilmaz Tunchning ma’lum qilishicha, terror hujumi yuzasidan Anqara Bosh prokuraturasi tomonidan tergov boshlangan. Terror jinoyatlari tergov byurosi tomonidan olib boriladigan tergovga 1 nafar Bosh prokuror o‘rinbosari va 8 nafar prokuror tayinlangan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya bir ayol va bir erkak terrorchi yo‘q qilinganini ma’lum qilib, ularning shaxsini aniqlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Terrorchilarning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda, ularning kimligini bilganimizdan keyin qaysi terror tashkilotiga tegishli ekanini ma’lum qilamiz”, dedi vazir.
Ichki ishlar vazirligi rahbarining aytishicha, terrorchilarning shaxsi va ularning har qanday tashkilotga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar shaxsni aniqlash ishlari yakunlanganidan keyin ommaga e’lon qilinadi.
Turk OAVlarining yozishicha, terakt oqibatida vafot etganlarning shaxsi aniqlangan.
“Qahramonqozon tumanidagi Turk aerokosmik Sanoat Aksiyadorlik jamiyati (TUSAŞ) kampusida sifat nazorati xodimi bo‘lib ishlagan Chingiz Coshkun, mexanik muhandis Zohida Kuchlu, aerokosmik Sanoat Aksiyadorlik jamiyati xodimi Hasan Huseyin Canbaz, xavfsizlik xodimi Atakan Shahin Erdo‘g‘an va taksi haydovchisi Murat Arslon terak oqibatida shahid bo‘ldi”, deb yozgan mahalliy nashrlar.
Mamlakat vitse-prezidenti Javdat Yilmaz ham holat yuzasidan bayonot berdi. U terroristlar hech qachon maqsadiga erisha olmasliklarini aytgan.
“Terrorizmdan qurol sifatida foydalanayotganlar, shu paytgacha qilganidek, hech qachon o‘z maqsadlariga erisha olmaydi. Bu jirkanch voqealar mudofaa sanoatimizdagi qat’iyat va birodarligimizni oshiradi. Terrorizmga qarshi kurashda davom etamiz. Umid qilamanki, bunday voqea hech qachon takrorlanmaydi. Fidokorona mehnat qilayotgan davlat xizmatchilariga minnatdorlik bildiraman”, degan Javdat Yilmaz.
Shuningdek, u jamoatchilikdan yolg‘on xabarlarga ishonmaslik, barcha ma’lumotlarni rasmiy manbalardan kuzatib borishni so‘ragan.
BRICS sammiti doirasida Qozon shahrida bo‘lib turgan Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zining X sahifasida shunday yozadi:
“Hamma bilishi kerakki, Turkiyaga cho‘zilgan kir qo‘llar, albatta, sinadi. Hech bir tuzilma, hech bir terror tashkiloti, o‘z maqsadlariga erisha olmaydi.
Har xil terror tahdidlari va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi qat’iyat bilan kurashishda davom etamiz. Xoin terrorchilik harakatida shahid bo‘lgan birodarlarimizga Allohdan rahmat, yaradorlarimizga shifo tilayman”, degan Prezident.
Holat sodir bo‘lganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar ham ko‘paydi. Adliya, ichki ishlar vazirlari barchadan rasmiy manbalarni kuzatish va yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni so‘radi.
Radio va televideniye Oliy Kengashi raisi Abubakir Shahin sodir etilgan teraktni ommaviy axborot vositalarida yoritishga cheklovlar joriy qilingani haqidagi sud qarorini olganini yozmoqda.
Uning ta’kidlashicha, bunga tarmoqlarda tasdiqlanmagan va yolg‘on xabarlarning ko‘payib ketgani sabab bo‘lgan.
“Terror hodisalari yuz bergan vaqtda ommaviy axborot vositalarining javobgarligi aniq. Qonunchiligimizni ham, matbuotning kasbiy tamoyillarini ham inobatga oladigan bo‘lsak, bunday voqealardan keyin fuqarolarning vahima qo‘zg‘atishi, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan shov-shuvli, manbasiz ma’lumotlar va da’volar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinmasligi nihoyatda muhim.
Yangiliklarda faqat rasmiy ma’lumotlar aks ettirilishi kerak. Aks holda, mas’ul nashriyotlarga zaruriy jazo choralari qo‘llaniladi. Terakt ortidan sud tomonidan nashrni taqiqlash qarori chiqarilgan. Taqiqga rioya qilmaganlar qattiq jazolanadi”, degan Abubakir Shahin.
Ma’lumot uchun, Turkish Aerospace kompaniyasi 1973 yilda tashkil etilgan, Turkiyaning aerokosmik sohasida juda muhim sanaladi. Kompaniya tomonidan samolyot, vertolyot, dronlar hamda tijoriy foydalanish va harbiy ehtiyojlar uchun kosmik sun’iy yo‘ldosh vositalari ishlab chiqiladi.
2023 yilda “Turkish Aerospace Industries Ins” dunyodagi eng yirik 100 ta mudofaa kompaniyalari ro‘yxatiga kirgan. Korxonaning yillik daromadi 1,5 milliard dollarga teng. Kompaniyada 15 mingdan ziyod xodim, shu jumladan 7 mingga yaqin muhandis, 6,5 mingdan ortiq texnik va boshqa ishchilar mehnat qiladi.