Toshkentda fuqarolar ustunlarga o‘rnatilgan bayroqlarni yechib oldi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt ko‘chalaridagi ustunlarga o‘rnatilgan davlat bayrog‘ini o‘zboshimchalik bilan yechib olib, mashinalariga o‘rnatayotgan shaxslarga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlari chora ko‘rayotganligi aks etgan videolar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent IIBB Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, kecha, 1 sentyabr kuni poytaxtning bir nechta tumanlarida transport vositalarining haydovchilari va yo‘lovchilari bayram munosabati bilan hokimiyat tomonidan o‘rnatilgan davlat bayroqlarini o‘zboshimchalik bilan yechib olishgan. Ular ushbu bayroqlarni o‘zlarining avtomashinasiga o‘rnatib bayramni nishonlamoqchi bo‘lishgan. Biroq bayroqlar transport vositasiga mustahkamlab o‘rnatilmagan, transport vositasidan tashqariga chiqib turishi esa avtomashinada harakatlanish chog‘ida noqulayliklar tug‘dirib, harakat xavfsizligiga tahdid solgan. Shuningdek ushbu holatlar fuqarolar tomonidan davlat ramzlari va davlat mulki to‘g‘risidagi qonun talablarini buzilishiga olib kelgan.

“Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Bu kabi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-1-moddasiga ko‘ra (“Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish”) ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligini unutmang.

Vatanparvarlik o‘z vataningiz qonunlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishda namoyon etilmasligi kerak. Vatanparvarlikni qonunlarga rioya etgan holda namoyon qiling”, deyiladi IIBB xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

204

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing