Afg‘onistonlik qochqinlarga Toshkent-3 aeroportida lager tashkil qilingani rostmi?

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yilning 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxti Qobulni egallagach, mamlakatda keskin vaziyat yuzaga keldi va ushbu holat hamon saqlanib turibdi. Qator davlatlar Afg‘onistondagi diplomatlari va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilishni boshlagan. O‘zbekiston mazkur jarayonda Germaniyaga yordam bermoqda. Xususan, bugun, 19 avgustdan boshlab mahalliy parvozlar amalga oshiriladigan Toshkent-3 aeroporti noma’lum muddatga yopildi.

Ayni damda QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi Toshkent-3 aeroportida bo‘lib turibdi. Boisi, bugun soat 21:00 da navbatdagi evakuatsion reys Qobuldan kelishi kutilmoqda.

Muxbirimizning xabar berishicha, Toshkentga afg‘on qochqinlari olib kelinayotgani, aeroportda ular uchun lager tashkil qilingani haqidagi xabarlar mutlaqo noo‘rin.

“Aeroportda shtab tashkil qilingan. Germaniya elchixonasi shu yerda ishlamoqda. Qolaversa, Germaniya Mudofaa vazirligi xodimlari ham aeroportda bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Transport, Sog‘liqni saqlash, Tashqi ishlar, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari va Davlat xavfsizlik xizmati vakillaridan iborat shtab tashkil qilingan”, deydi tranzit hududida bo‘lib turgan muxbirimiz.

Ayni vaqtda Germaniyaning uchta harbiy samolyoti Toshkent-3 aeroportida bo‘lib turibdi. To‘rtinchi layner esa Qobulga jo‘nab ketgan va soat 19:00 da Toshkentga qarab parvoz qiladi.

Qayd etilishicha, Qobuldan olib kelingan odamlar fuqarolik aviatsiyasi parvozlari orqali Germaniyaga olib ketiladi. Toshkent bu o‘rinda faqatgina tranzit yo‘lagi vazifasini bajarmoqda.

“Olib kelingan fuqarolar aeroportning o‘zida issiq choy va taom bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga ular koronavirus bor-yo‘qligini aniqlash uchun ekspress-test topshiradi. Agar biror fuqaroda koronavirus aniqlangan taqdirda ham u Toshkentda qolmaydi. Maxsus tartibda izolyatsiya qilinib, Germaniyaga olib ketiladi”, deydi muxbirimiz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aeroport qattiy qo‘riqlanyapti. Bu yerda qolishning yoki tashqariga chiqishning imkoni yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqotida Germaniya, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi fuqarolarini Toshkent aeroportidan tranzit sifatida foydalanish orqali evakuatsiya qilishni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqotida Germaniya, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi fuqarolarini Toshkent aeroportidan tranzit sifatida foydalanish orqali evakuatsiya qilishni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

518

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing