Jigar transplantatsiyasi o‘zbek shifokorlari tomonidan ilk bor mustaqil amalga oshirildi

Jamiyat

image

Ortotopik jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘zbek shifokorlari tomonidan ilk bor mustaqil amalga oshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, ushbu murakkab operatsiya Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan.

“Bunga qadar  o‘zbek-rus va o‘zbek-hind qo‘shma jarrohlari 8 ta ortotopik jigar transplantatsiyasini o‘tkazgan bo‘lib, bu galgi operatsiya mamlakatimiz tibbiyoti tarixiga o‘zbek mutaxasislari tomonidan mustaqil amalga oshirilgan ilk jigar transplantatsiyasi sifatida muhrlandi”, deyiladi SSV xabarida. 

Ma’lum qilinishicha, operatsiya 10 soatdan ortiq vaqt davom etgan. Unda Buxoro viloyatining Romitan tumanidan kelgan jigar sirrozi bilan xastalangan bemor — 38 yoshli A. R.ga 42 yoshli akasi B. R.ning jigaridan bir bo‘lak ko‘chirib o‘tkazilgan. Hozirda bemorlarning ahvoli yaxshi, donor palataga olingan.

“Singlim ko‘p yillardan beri shu dard bilan og‘rib, vaqti-vaqti bilan muolaja qilib yurardi. Dastlab tumanimizda, so‘ng Buxoro shahrida ko‘p marta davolandi, lekin foydasi bo‘lmadi. Shundan so‘ng, imtiyozli order olib, ushbu shifoxonaga keldik. Hozir o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman. Ayniqsa, singlimning ahvoli yaxshi ekanidan, og‘ir darddan xalos bo‘lganidan juda ham xursandman. Shifokorlar menga ikki kundan so‘ng javob berisharkan. Ularning aytishicha, jigarim 2 haftada o‘zini tiklab olar ekan. Opretsiyada ishtirok etgan barcha shifokor va hamshiralarga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, deydi donor aka. 

Bemorning so‘zlariga ko‘ra, u ushbu kasallik bilan 6 yildan beri kurashib kelgan.

“Bu kasallik menda 6 yil avval boshlangan edi. Ayniqsa shu yil ahvolim juda og‘irlashdi, tanam shishib ketdi. Toshkentga kelib, tibbiy tekshiruvlardan o‘tganimdan so‘ng, shifokorlar bu kasallikni davolashning birdan-bir yo‘li transplantatsiya ekanini aytishdi. Operatsiyadan chiqqanimga 4 kun bo‘ldi. Hozir ancha yaxshiman. Kecha bir-ikki qadam yurdim, bugun ham krovatim atrofini aylanmoqchiman”, deydi singil.

Operatsiyaga boshchilik qilgan jarrohning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda jigar sirrozi bilan og‘riydigan bemorlar bugungi kunda har ming kishiga 5-6 nafarni tashkil etadi.

“Jigar sirrozi bilan og‘riydigan bemorlar bugungi kunda yurtimizda har ming kishiga 5-6 nafarni tashkil etadi. Jigar sirrozining asosiy davosi bu — jigar transplantatsiyasidir. Shu jumladan, eng ko‘p transplantatsiyalardan biri yaqin qarindoshlar orasida amalga oshiriladi”, deya ta’kidladi operatsiyaga boshchilik qilgan jarroh, professor Mirshavkat AKBAROV.

Xabarga ko‘ra, bugungi kunda kamida yiliga 40-50 nafar o‘zbekistonlik jigar transplantatsiyasi uchun xorij davlatlariga bormoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

264

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing