Tokio-2020: yarim tonnalik rekord, tarixdagi eng yosh chempion va Olimpiada sensatsiyalari

Sport

image

Joriy yilning 23 iyulidan 8 avgustiga qadar Yaponiya poytaxti Tokioda bo‘lib o‘tgan XXXII Olimpiya o‘yinlari bir qator qiziqarli natijalar va holatlar bilan yodda qoldi.

Olimpiada tarixdagi eng yosh chempion!

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomoshabinlar qiziqishini oshirish maqsadida bir nechta sport turlarini, jumladan skeytbordni ham Olimpiada dasturiga kiritdi.

Natijada, butun dunyo Olimpiya o‘yinlari tarixidagi eng yosh chempionni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldi. Yaponiyalik Momiji Nishiya 13 yoshida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Bundan tashqari Olimpiada tarixidagi eng yosh sportchi stol tennisi bilan shug‘ullanuvchi suriyalik 12 yoshli Hand Zaza bahslarda ishtirok etdi, biroq ilk uchrashuvdayoq mag‘lubiyatga uchradi.

Bir dasturda ikkita chempion!

Olimpiya o‘yinlari tarixida birinchi marta yengil atletikaning balandlikka sakrash yo‘nalishida oltin medal ikki sportchi — italiyalik Janmarko Tamberi va qatarlik Mutaz Essa Barshimga topshirildi. Sportchilar bir xil natijani ko‘rsatdilar — 2,37 metr. Hatto urinishlar soni ham teng edi.

Hakamlar chempionni aniqlash uchun ikki sportchi o‘rtasida bahs o‘tkazishni o‘ylayotgan bir paytda, Barshim ikkita oltin olish imkoniyati haqida so‘radi. Yakunda tashkilotchilar xuddi shunday qilishdi. Bundan ko‘proq italiyalik sportchi xursand bo‘ldi. Chunki, Tamberi urinishni bajarayotgan vaqtda oyog‘idan jarohat olgan edi.

Yamaykaning gegemonligiga chek qo‘yildi

Italiyalik Lamont Marcyel Yakobs Olimpiya o‘yinlarining sprint poygalarida yangi chempion sifatida qayd etildi. U 100 metrga yugurishda 9,80 soniya natija ko‘rsatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu masofada so‘nggi uchta Olimpiya o‘yinlarida yamaykalik Useyn Bolt g‘olib bo‘lgan edi. Bundan tashqari, italiyaliklar 400 metr masofaga estafeta bahslarida g‘alaba qozonib, yamaykalik atletlarning gegemonligiga chek qo‘yishdi. Bu musobaqaning haqiqiy sensatsiyasiga aylandi.

Raqiblarni suvdan mahrum qilgan marafonchi

Marafon bahslarida fransiyalik Muxrad Amduniy boshqa sportchilar suv ichmasligi uchun idishlarni ag‘darib ketdi. Biroq bu ish unga foyda bermadi. Yakunda keniyalik Eliud Kipchoge oltin medalni qo‘lga kiritdi. Amdunining o‘zi 17-bo‘lib marraga yetib keldi.

Olimpiada tarixidagi rekord ishtirok

52 yoshli Nino Salukvadze miltiqdan otish bo‘yicha Tokio Olimpiadasida ishtirok etib, o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Gruzin sportchisi ketma-ket to‘qqizinchi marta Olimpiya o‘yinlarda ishtirok etdi. U 1988 yilgi Seul Olimpiadasidan buyon birorta musobaqani o‘tkazib yubormagan. Ishtirokini yakunlagach, faoliyatini tugatishini e’lon qildi. Zamonaviy yuklamalar bilan karerani davom ettirish juda qiyin va nishonni ham mo‘ljalga olish qiyinlashib boradi.

Uning rekordini nazariy jihatdan 46 yoshli o‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina yangilashi mumkin edi, u Tokioda sakkizinchi bor Olimpiada bahslarida ishtirok etdi, biroq u ham faoliyatini tugatishini allaqachon e’lon qilib bo‘ldi.

Medal qo‘lga kiritgan mamlakatlar soni bo‘yicha rekord

Tokio Olimpiadasida medallar jamg‘arish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. 32-marta tashkil etilgan musobaqada medal qo‘lga kiritgan olimpiya delegatsiyalari soni 93 taga yetdi.

Avvalgi rekord Pekin Olimpiadasida qayd etilgan edi. O‘shanda 87 mamlakat vakillari medalga ega bo‘lgandi. Shuningdek, Bermuda orollari, Filippin va Qatar davlatlari ilk bor Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Medallar jamg‘arishda AQSHga yetadigani yo‘q!

AQSH jamoasi musobaqalarning oxirgi kunida oltin medallar soni bo‘yichaXitoyni ortda qoldirdi va Tokio Olimpiadasining medallar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. AQSH sportchilari 39 ta oltin, 41 ta kumush va 33 ta bronza (jami 113 ta) medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xitoy atletlari 38 ta oltin, 32 ta kumush va 18 ta bronza (jami 88 ta) medali bilan ikkinchi pog‘onadan joy oldi.

Amerikaliklar ketma-ket uchinchi marta yozgi Olimpiya o‘yinlarida birinchilikni qo‘ldan boy bermayapti. Faqatgina 2008 yilda Pekindagi Olimpiada yakuniga ko‘ra mezbonlardan ortda qolgan edilar.

Simona Baylz umidlarni puchga chiqardi

Amerikalik gimnastikachi Simona Baylz dunyodagi eng nufuzli ayol sportchilardan biri bo‘lib, uning natijalari hayratlanarli ko‘rinish olgan. Jahon chempionatida 19 ta, Olimpiya o‘yinlarida esa 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan. Tokioda esa Baylz beshta oltin medalni qo‘lga kiritish uchun imkoniyatga ega edi, lekin u musobaqa davomida o‘zidan kutilgan natijani ko‘rsata olmadi.

Ruhiy holati bilan bog‘liq muammolar sababli 24 yoshli sportchi mashqlarda xatolarga yo‘l qo‘ydi. Final bellashuvlarida Baylz birinchi mashg‘ulotdan so‘ng, o‘ziga nisbatan bo‘layotgan bosimlar tufayli musobaqada ishtirok etishdan bosh tortdi va yakunda kumush va bronza medal bilan cheklandi.

Badiiy gimnastikada Lina Ashram inqilobi

Tokio Olimpiadasining eng katta sensatsiyasi badiiy gimnastika bahslarida sodir bo‘ldi. Gap shundaki, individual ko‘pkurash bo‘yicha g‘oliblikni rossiyalik sportchilar qo‘lga kirita olmadi. Isroil vakilasi 20 yoshli Lina Ashram Rossiya gimnastikachilarining 20 yillik rekordiga barham berib, oltin medalga ega chiqdi.

Shaxsiy musobaqalarda asosiy favorit sifatida opa-singil Dina va Arina Averina ko‘rilayotgan edi. Shu tariqa, 1996 yilgi Olimpiya o‘yinlaridan buyon ilk marta badiiy gimnastika bo‘yicha yakkalik bahslarida rossiyalik bo‘lmagan sportchi g‘alaba qozondi.

Yarim tonnalik Jahon rekordi

Gruziyalik og‘ir atletikachi Lasha Talaxadze musobaqadan avval raqiblaridan bir “bosh baland” ekanligi ma’lum edi. Biroq barcha uning qancha og‘irlikni ko‘tara olishini muhokama qildi. Kutilganidek, Talaxadze o‘zi o‘rnatgan 3 ta Jahon rekordini yangiladi.

Dast ko‘tarishda 223 kg, siltab ko‘tarishda 265 kg og‘irlikdagi toshni o‘ziga bo‘ysundirib, umumiy hisobda 488 kg natija bilan Jahon rekordini o‘rnatdi. Talaxadze nafaqat +109 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi, balki yarim tonnalik dovonga yaqinlashdi.

28 yoshli sportchi 5 marta Yevropa, 4 marta Jahon va 2 marta Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan.

XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari garchi pandemiya sharoitida o‘tgan va Tokioning o‘zida bir necha marta norozilik namoyishlari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, tashkilotchilar musobaqani chkunlay olishdi. Buning natijasida bir nechta Jahon va Olimpiya rekordlari shuningdek, sensatsion natijalar qayd etildi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 23 iyulidan 8 avgustga qadar bo‘lib o‘tgan Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 3 ta oltin va 2 ta bronza medal qo‘lga kiritdi. Ushbu natija evaziga delegatsiya vakillari oltin medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida 32, MDH mamlakatlari orasida 2 hamda turkiy davlatlar (hatto Turkiyani ham ortda qoldirib) va Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida 1-o‘rinni egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston Italiya Tokio-2020 Og'ir atletika Engil atletika Lina Ashram Dina Averina Medallar jamlanmasi Lasha Talaxadze Useyn Bolt Yamayka Olimpiada sensatsiyalari Yarim tonnalik rekord

Baholaganlar

175

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing