Qiz bola ham yurti sharafini himoya qilishi mumkin — Saida Mirziyoyeva olimpiyachi ayollar haqida

Jamiyat

image

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik ayol sportchilar haqida fikrlarini bildirdi.

“Tokiodagi Olimpiadaning boks musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Tursunoy Rahimova hamda dast ko‘tarish mashqida yangi Olimpiya rekordini o‘rnatib, musobaqaning yakka peshqadamiga  aylangan og‘ir atletikachi Muattar Nabiyevaning yutuqlari ko‘nglimni faxr va quvonchga to‘ldirdi.

Beixtiyor Samarqandda qizlarning otalariga qilgan murojaatimni esladim. O‘shanda qiz farzand dunyoga kelgan oilalarda  hech qachon afsus bilan “mayli endi, Xudo xohlasa, keyingisi o‘g‘il bo‘lar” degan gaplar aytilmasligini tilagandim. Qiz bola ham ota-onasiga tirgak bo‘lishi, ularning umidini oqlashi, nomini olamga yoyib, yurti sharafini himoya qilishi mumkin. Tursunoy bilan Muattar bunga yaqqol namunadir”, deydi Saida Mirziyoyeva.

U so‘zida davom etib, bu sportchilar kabi insonlar qizlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini oshiradi, boshqalar ham orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishi, istalgan sohada mutaxassis sifatida shakllanishi, ham sevimli ishi, ham shaxsiy hayotda birdek baxtli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qiladi, deya ta’kidladi.

Saida Mirziyoyeva Oksana Chusovitina Tokio Olimpiadasidagi ishtiroki bilan katta sportdagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilganiga ham to‘xtalgan.

“Bugun o‘zbek va jahon sporti afsonasi, gimnast Oksana Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Barchamiz sevimli sportchimizning Tokio Olimpiadasidagi ishtirokini hayajon bilan kuzatdik. U finalga chiqa olmagan bo‘lsa-da, biz uchun nomi Olimpiada o‘yinlari tarixida umrbod qoladigan g‘olibdir.

Oksana Chusovitina bizning hamyurtimiz ekanidan faxrlanamiz. U yosh sportchilarimiz, umuman, yoshlarimiz o‘rnak olishi, tenglashishi lozim bo‘lgan qahramondir. Oksanaga hayotining yangi pog‘onasida omad tilab qolaman”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Faoliyati davomida Olimpiada, Jahon va Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan. 2016 yilda jahon reytingida birinchi o‘ringa qadar ko‘tarilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing