Kichik yelkasida og‘ir yuk ko‘targanlar yoxud dunyoda “mehnatkash” bolalar 160 mlndan oshdi

Jamiyat

1 (6)

Bozor atrofida, xiyobon yoki ko‘cha-ko‘yda yurgan paytingiz kichik qo‘llarini siz tomonga cho‘zgancha uch-to‘rt bola atrofingizni o‘rab oladi. Biri tinmay “sadaqa rad-ul balo” desa, yana biri kiyimingizni yulqiydi. Boshqasi esa qo‘lidagi qog‘ozga yozilgan “biografiya”sini ko‘rsatib, pul berishingizni so‘raydi. Agar qo‘lidagi qog‘ozda nima yozilganini bolakayning o‘zidan so‘rasangiz, hattoki o‘qishni ham bilmasligiga guvoh bo‘lasiz. Ha, u bog‘cha nimaligini bilmagan, maktab ostonasiga qadam qo‘ymagan, aniqrog‘i qadam qo‘yolmagan “mehnatkash”dir.

12 iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekistonda kuzatilayotgan bolalar mehnati va hayot “qozonida qaynayotgan” maktab yoshidagi “mehnatkash”larga to‘xtalmoqchimiz.

Bu kabi bolalarning barchasi ham sizga qo‘lidagi qog‘ozni ko‘rsatib, ehson qilishingizni kutmaydi. Ba’zilari qo‘lida siz-u biz uchun arzimas tuyilgan buyumlarni (nam salfetka, taqvim, turli munchoq va tumorlar) ko‘tarib olib, xarid qilishingizni iltimos qiladi. Tirikchilik uchun xaridor kutadigan manzillari esa odamlar gavjum ko‘cha va kattalar ham ming hadik bilan o‘tadigan mashinalar tirband chorrahalardir. Svetaforning yashil chirog‘ida to‘xtab turar ekansiz mashinangiz oynasini “kichik qo‘lchalar” taqillatadi. Beixtiyor qaraysiz. Issiqda yuzlari terlab ketgan bolakay “Amaki, shundan bitta sotib oling”, deya qo‘lida ko‘tarib olgan narsasidan sizga uzatadi. Kimdir bolakayning kir qo‘llaridan biroz ta’bi xira bo‘lib sotib olgisi kelmasa, yana kimdir hozir svetaforning yashil chirog‘i yonishini, bolakayga bu yerda turish xavfli ekanini tushuntirmoqchi bo‘ladi. Lekin bir savol tug‘iladi: ko‘cha-ko‘yda tilanchilik qilayotgan, bozorlarda hali maktab yoshida bo‘lishiga qaramay arava tortayotgan bolalar rostan ham bu ishlarga yaqinlari tomonidan majburlanadimi? Balki ularning o‘zi mehnat qilish uchun ko‘ngillidir... Bunisi bizga qorong‘u.

QALAMPIR.UZ Chorsu bozorida bo‘lib mehnat qilayotgan bolalarga guvoh bo‘ldi. Bu suratlarni siz bilan bo‘lishib, oilasi uchun halol mehnat qilayotgan, ro‘zg‘orning “g‘or”ini o‘ylayotgan bolalarni sazoyi qilish niyatidan yiroqmiz. Shunchaki dunyo “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish” kunini “og‘izda” “shiorlarda” nishonlashdan foyda yo‘qligi. O‘zbekistonda maktab yoshidagi bolalar mehnat qilayotganini eslatmoqchimiz xolos.

Tan olish kerak kimdir majburlikdan, kimdir yo‘qchilikdan yana kimdir esa zo‘rlikdan ishlashga majbur bo‘ladi. O‘z xohishi bilan mehnatga bel bog‘lagani ham bor, lekin to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib voyaga yetmagan farzandini ishlatib, o‘zi uyda o‘tirgan otalar, sog‘lom bo‘lib boladan foydalanayotgan onalar ham yo‘q emas...

Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotiga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida dunyo bo‘ylab ishlaydigan bolalar va o‘spirinlar soni 8,4 millionga ko‘payib, 160 millionga yetdi. Hisobot mualliflari pandemiya tufayli yanada ko‘proq o‘g‘il-qizlar omon qolish uchun maktabni tashlab, ishlashga majbur bo‘lishidan xavotirda.

2000 yildan 2016 yilgacha ishlaydigan bolalar soni 94 millionga kamaydi. Ammo so‘nggi to‘rt yil ichidagi akstendensiya ushbu yutuqlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin. XMTning yangi hisoboti 12 iyun kuni nishonlanadigan Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan e’lon qilindi.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, 160 million voyaga yetmagan ishchilarning yarmi 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Bundan tashqari, 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan taxminan 79 million o‘g‘il-qiz sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfli sharoitlarda ishlaydi - konlarda, fermer xo‘jaliklarida va plantatsiyalarda ular ko‘pincha xavfli texnika va zaharli tutun bilan ish olib borishadi. 2016 yildan beri sog‘liq uchun xavfli ish joyidagi bolalar soni 6,5 millionga o‘sdi.

“Yangi ma’lumotlar juda xavfli signaldir. Biz yosh avlod duch keladigan xavf-xatarlardan ko‘z yumolmaymiz”, deydi XMT bosh direktori Gay Rayder. 

Uning fikricha, vaziyatni o‘nglash mumkin va buning uchun bolali oilalarni ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari mavjud. Aynan shu mexanizmlar ota-onalarga iqtisodiy qiyinchiliklar paytida farzandlarini o‘qish imkoniyatidan mahrum qilmaslikka imkon beradi.

XMT rahbari qashshoqlik siklini buzishga va bolalar mehnatini to‘xtatishga, ayniqsa, qishloq joylarida sarmoyaga va transformatsiyaga juda muhtoj bo‘lganlarni chaqirdi. Qishloq xo‘jaligi sektori bolalar ishchilarining 70 foizini tashkil qiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2021 yilni “Bolalar mehnatiga barham berishning xalqaro yili”, deb e’lon qildi. Bu yilgi asosiy muammo xalqaro hamjamiyatni bolalar ekspluatatsiyasiga qarshi kurashga safarbar etishdir. BMT ushbu hodisani 2025 yilgacha to‘xtatishga chaqirmoqda.

To‘g‘ri, yangi hisobot mualliflari ushbu maqsadga erishish imkoniyatidan shubhalanmoqdalar. Ular pandemiya tufayli 2022 yil oxiriga kelib yana 9 million bola “ishchilar armiyasi” safiga qo‘shilishidan xavotirda.

COVID-19 tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy beqarorlik va maktablarning yopilishi bolalarning og‘irroq sharoitlarda ishlashini anglatadi.

“Biz bolalar mehnatiga qarshi kurashda yutuqlarimizni yo‘qotyapmiz. So‘nggi bir yil ichida ushbu hodisaga qarshi kurashimiz muvaffaqiyat qozonmadi”, dedi UNICEF’ning ijrochi direktori Genriyetta For.


Maqola muallifi

Teglar

bolalar bolalar mehnati

Baholaganlar

38

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing