G‘azodagi qatliomlar va chaqaloqlar qonining aks-sadosi. Netanyaxu BMT da yana yolg‘iz qoldirildi.
Tahlil
−
28 Sentabr 8556 9 daqiqa
Bir necha o‘n minlab begunoh bolalar, ayollar va ojiz qariyalarning “jallodi” yana BMT minbarida nutq so‘zladi. Netanyaxu nutqining boshlanishidagi sharmandali holat o‘tgan yilgidan deyarli farq qilmadi. Murg‘ak bolalar qoni bilan chambarchas bog‘langan davlat va shaxs nomi tilga olinishi bilan Bosh Assambleya zali bir zumda bo‘shab qoldi. Turli davlatlarning vakillari, erkak-u ayol diplomatlar birvarakayiga o‘z joylarini tark etishdi. Netanyaxu qarshisida esa bir necha delegatsiyalar hamda Isroil vakillari qoldi xolos. Ha, genotsid va shafqatsiz g‘ayriinsoniy siyosat hech qachon oqlanmaydi. Isroilning bunday g‘alamisligini nari borsa AQSH Kongressigina ko‘tarishi mumkin. O‘sha AIPAC degan tashkilot va boshqa yahudiy donorlardan telefon qo‘ng‘iroqlari kutib yashaydigan kongressmenlargina G‘azoda nimalar sodir bo‘layotganiga ko‘z yumishi mumkin. Ammo dunyo faqat ular hamda ular xizmat qiladigan AQSHdan iborat emas. Quyosh sistemasida yer unchalik ham katta sayyora bo‘lmasa-da, u hozirgacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, eng turfa va xilma-xilliklardan iborat bo‘lgan planetadir. Bu yerda har bir davlat va u joylashgan quruqlik qismida o‘ziga yarasha insoniy qadriyatlar qaror topgan va istalgan normal davlat borki, ular hech qachon qo‘li bolalar qoniga bulg‘angan hamda go‘daklarni ochlikdan o‘ldirayotgan vahshiy qatillarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Ular mana ikkinchi yildirki shu qotilliklarning boshida turgan jallodga o‘z noroziligi va ichidagi nafratini yilda bir marta BMT Bosh Assambleyasida shu tarzda namoish qilmoqda.
Yana o‘sha xarita
"O‘tgan yili men ushbu minbarda turib, Eron terror o‘qining la’nitini ko‘rsatayotgan ushbu xaritani ko‘rsatdim. Bu o‘q butun dunyo tinchligiga tahdid soladi. Bu bizning mintaqamiz barqarorligiga va mening mamlakati Isroilning mavjudligiga tahdid soladi", deb boshladi Netanyaxu o‘z nutqini.
Netanyahu bu gal ham deyarli bo‘m-bo‘sh zalga nutq so‘zladi. Ikki yildan buyon “janob jallod” so‘zini boshlashda kichik muammoga duch kelmoqda. Tepada o‘tirgan moderator delegatsiyalarni shovqin solmaslik hamda tartibni saqlashga chaqirishi uchun biroz vaqt kerak bo‘lmoqda. Zal bo‘shab, shovqin tingandan keyin esa, Netanyaxu yil davomida nega chaqaloqlarni o‘ldirganini izohlashga kirishadi. Barcha Prezidentlar, delegatsiya rahbarlari o‘rtacha 15–20 daqiqa nutq so‘zlayotgan bir paytda Isroil Bosh vaziri 40 daqiqadan ortiq javradi. Bu borada u joriy 80-sessiyada Netanyaxu faqat Trampdan kam gapirdi. Umuman olganda, ikki yildan buyon deyarli bir xil holat. Bu yil uning nutqi va olib chiqqan xaritalarida biroz o‘zgarishlar borligini hisobga olmasa, yana o‘sha eski kasseta. 65 mingdan ortiq insonni qirg‘in qilgan Isroil aslida jabrdida, 20 mingdan ortiq bolani jonini olgan Isroil xavf ostida yashamoqda, 150 mingdan ortiq odamni mayib-majruh qilgan o‘sha Isroil o‘zini himoya qilmoqda, Bolalarni ochlikdan o‘ldirayotgan o‘sha ekstremist vazirlar Eron va Isroil xavfsizligiga tahdid qilayotgan boshqa guruhlar bilan urush qilmoqda.
Eng qizig‘i, esingizda bo‘lsa 2024 yildagi 79-sessiyada Netanyaxu ikkita xarita olib chiqqandi. Xaritalarning biri – Lanat deb nomlangan bo‘lib, unda Eron, Suriy va Iroq yerlari aks etgandi. Bu yil esa G‘azo jallodi o‘sha xaritani yana minbarga olib chiqdi va shu yerlarda Isroilga xavf solganlar bir yil ichida birma-bir yo‘q qilinganini aytdi. Netanyaxu, janubda Yaman Xusiylaridan boshlab G‘azodagi HAMAS, shimolda esa Livan Hizbullohi, Iroqdagi turli guruhlar va Erondagi o‘nlab generallar, uning ballistik raketa tizimlari va yadroviy salohiyatiga qarshi hujum qilinganini ko‘satdi. Netanyaxu bu ishlarning hammasini “vazifa bajarildi” degan ma’noni anglatuvchi belgi bilan ifodaladi.
"Biz husiylarga zarba berdik. Biz Xamas terror mashinasining asosiy qismini tor-mor qildik. Biz Hizbullohni majruh qildik, uning ko‘p rahbarlarini va qurol-yarog‘ arsenalini olib tashladik, va eng muhimi, biz Eronning atom qurollari va ballistik raketa dasturlarini vayron qildik."
Netanyaxu Isroil va AQSH birgalikda Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilgani da’vo qildi. Ammo salkam yarim tonnaga yaqin boyitilgan uranni o‘zida saqlab qolgan Eronning yadroviy salohiyati hali-hanuz o‘z o‘rnidaligini Tramp ham Netanyaxu ham tan olgisi kelmayapti. Boz ustiga forslar AQSHning B2’si tomonidan zararlangan ob’ektlarini tiklashda davom etmoqda.
“AQSH prezidenti Donald Tramp va men Eronning yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan edik va biz bu va’dani bajardik.”
Shu o‘rinda, asosli bir savol tug‘iladi. Netanyaxu o‘tgan yili ko‘rsatgan ikkinchi xarita nima bo‘ldi. “G‘azo jallodi” olib chiqqan va “Barokat” deb belgilangan hududlar taqdiri nima bo‘ldi? Shu xaritada qaysi davlatlar o‘rin olganini bir eslab o‘tamiz.
Yashil rang bilan ajratilgan davlatlar ichida Hindiston, BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Iordaniya, Misr va Sudan o‘rin olgan edi. To‘g‘ri, bu ro‘yxatdagi ayrim arab davlatlari Isroilni tan olgan. Masalan, Misr, Iordaniya, Bahrayn va BAA shular jumlasidandir. Ammo o‘tgan yili namoyish qilingan bu xaritada Qatar yo‘q edi va bu yil Isroil Dohaga zarba berdi. Qatar Isroilni tan olmagan-ku, deyishingiz mumkin, ammo Saudiya ham Tel-Avivni tan olmagan. Ayni damda esa Qatar o‘tgan yili “Barokat” xaritasidan o‘rin olmagani bu yil unga zarba berilishiga ishora bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan taxminlar ko‘payishi mumkin. Ammo bu xaritadan o‘rin olgan Saudiya esa Dohaga qilingan hujumdan keyin yadroviy Pokiston bilan bir-birini himoya qilish bo‘yicha harbiy shartnoma imzoladi. Ochig‘ini aytganda esa Yaqin Sharqda hozir shunday vaziyat hukmronki, Isroil ko‘rsatgan yashil rangdagi davlatlar orasidan o‘rin olmagan istalgan hudud yahudiy davlatining hujumiga uchrash xavfi ostida yashayapti. Qatar bunga yaqqol misol.
QR kod nima edi?
Netanyaxu BMT minbariga olib chiqqan narsalar ichida uning kostyumining ko‘krak qismiga qistirilgan QR kod ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan bu QR kod HAMAS tomonidan 2023 yil 7 oktyabr kuni qilingan hujum oqibatida o‘ldirilgan Isroil askarlari va aholisining sur’atlari jamlangan uzundan-uzoq rasmlar ekani ma’lum bo‘ldi. HAMAS tomonidan o‘sha kuni qilingan harakatlarni oqlab bo‘lmaydi. Ammo undan keyin Isroil qilgan va hozirgacha amalga oshirib kelinayotgan boshi bor-u, lekin oxiri ko‘rinmas qatliomlarni ham mutlaqo yoqlab bo‘lmaydi. Bu HAMAS ning 7 oktabdagi harakatlariga mutanosib emas. Vaxshiylik bobida Isroil HAMASdan 50-100 barobar o‘tib ketdi. Bundan tashqari 80 yildan buyon yahudiy davlati tomonidan Falastin yerlarida qilib kelinayotgan zo‘ravonliklarni ham hech qanday yo‘sinda izohlab bo‘lmaydi.
25 yildan buyon Isroil siyosatidan bir qadamdan ham chetga chiqmagan Netanyaxu AQSHdan dastlab, FOTni, keyinchalik Saddam Husaynni, undan so‘ng, Muammar Kaddafiyni yo‘qotishni so‘rab kelgan, ular yo‘q bo‘lsa, Yaqin Sharqdan tinchlik va farovonlik hukm surishiga va’da bergan. Yuqoridagi sub’ektlar bugun yo‘q, ular Netanyaxu iltimosiga ko‘ra yo‘q qilindi. Ammo mintaqa hali-hanuz tinch hayotdan uzoqda. Chunki Yaqin Sharq tinchligiga bugun birdan bir tahdid soluvchi omil bu endi uning o‘zi. Binyamin Netanyaxu. U bu galgi nutqida HAMASning qolgan kuchlarini yo‘q qilishga va’da berdi.
"Hamasning so‘nggi qoldiqlari G‘azo shahrida to‘planib qolgan. Ular 7 oktyabrdagi vahshiyliklarni qayta-qayta takrorlashga va’da berishadi. Shuning uchun Isroil ishni tugatishi kerak", dedi Netanyaxu.
“G‘azo jallodi” shuningdek, garovdagi isroilliklarga ham murojaat qilib, ularni ozod qilmaguncha Isroil tinchlanmasligini aytdi.
“Bu Bosh vazir Netanyaxu. Siz bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotidan jonli suhbatlashmoqda. Biz sizni unutganimiz yo‘q. Bir soniya ham. Hammangizni uyingizga olib kelmagunimizcha tinchlanmaymiz”, dedi Netanyaxu.
Ammo so‘nggi voqeliklar shuni ko‘rsatmoqdaki, Isroilning bugungi hukumati, Netanyaxu va uning atrofidagi ekstremist vazirlar to‘dasi HAMAS qo‘lida garovda saqlanayotgan fuqarolari haqida zarracha o‘ylagani yo‘q. Eronga zarba berish, Dohaga hujum qilish, Yamanga raketa yog‘dirish, Livan janubini vayron qilish va Yaqin Sharqni do‘zaxga aylantirish – mana ular nimani xohlashmoqda.
“Buyuk Isroil” loyihasi shikastlandi
BMT 80-sessiyasi Falastinga jon kiritdi deyish mumkin. 2 kunda ushbu davlatni 10ta mamlakat tan oldi va uni davlat sifatidan tan olganlar soni 157 taga yetdi. Bu bilan Falastin Isroil bilan deyarli tenglashdi. To‘g‘ri, bu o‘zgarish hozircha faqat ramziy ma’no kasb etmoqda, ammo kelajakda mazkur oldinga siljish Falastin uchun yaxshigina qo‘l keladi. U davlat sifatida shakllanishi uchun ushbu jarayon, yani G‘arbning qudratli davlatlari tomonidan tan olinishi juda muhim edi. Shu bois, 80-sessiya Isroil uchun yaxshigina saboq zarbasi bo‘ldi. Netanyaxu ham bundan darg‘azabda ekani uning nutqida yaqqol ko‘rindi. U Fransiya, Britaniya, Avstraliya, Kanada va boshqa davlatlar rahbarlarining Falastin davlatini tan olish qarorini “uyat” atadi. Ammo bu dunyoda chaqaloqlarni o‘ldirishdek uyatli qilmish bo‘lmasa kerak.
“Mening Falastin davlatiga qarshiligim shunchaki mening siyosatim yoki hukumatim siyosati emas, bu Isroil davlati va xalqining siyosati. Bu biz bu urinishlarga qarshi kurashishimiz mumkinligini anglatardi. 7 oktyabrdan beri Isroil aynan shunday qildi”, dedi Netanyaxu.
80-sessiya yana bir g‘alamis g‘oyaning kelajagini so‘roq ostiga oldi. Bu sionizmning tayanchi bo‘lgan “Buyuk Isroil” nomli g‘oyadir. Bugun xaritalar haqida juda ko‘p gaplashdik. Mavzuni ham yana bir xarita bilan tugatish o‘rinli bo‘ladi. Masalan, mana bu xarita bilan. Bu yuqorida aytilgan “Buyuk Isroil” nomli xarita. Ko‘plab arab davlatlarining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va boshqa huquqlariga tahdid soluvchi g‘oyaning drayveri, xalqaro huquqqa, Yaqin Sharqqa va umuman olganda dunyoga tupurib qo‘ygan g‘oyaning xaritasi bu.
Ko‘rib turganingizdek, bu xaritadan butun boshli Suriya, Iordaniya va Quvayt, Iroqning yarmi, Saudiya hududlarining yarmidan ko‘pi, Quvayt, Misrning kattagina qismi, Turkiyaning ma’lum hududlari o‘rin olgan. Falastin esa umuman mavjud bo‘lmagan yer sifatida ko‘rsatilgan.
To‘g‘ri, bugun Isroil rasmiy doiralari “Buyuk Isroil” nomli ushbu rasvo konsepsiyani rasmiy darajada ochiq oydin gapirishmaydi. Netanyaxu esa kecha va bugun BMT minbariga lanatlangan va barokat nomli xaritalar bilangina chiqmoqda. Ammo Yaqin Sharqdagi istalgan davlatga zarba berayotgan va u uchun qizil chiziqlar qolmaganini ko‘rsatayotgan Isroil Bosh vaziri ertaga shu minbarga mana shu xarita bilan chiqmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Shubhasiz, ehtimoliy harakat juda katta rezonanslarga sabab bo‘ladi. Ammo bugun Qatar o‘ziga berilgan zarbaga javob qaytarmas ekan, Isroil esa keying nishon Turkiya va Misr ekanini yashirmas, unga esa bu jinoyatlari uchun hech kim amalda javob qaytarmas ekan, bu xaritani kelajakda BMT minbarida Isroil Bosh vaziri qo‘lida ko‘rishimiz hech gap emas.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr