“Orzu kemasi”: O‘zbekistonga yana bir qimmatbaho samolyot olib kelindi (video)
Jamiyat
−
05 may 2021
10907“Uzbekistan Airways” AJ oltinchi Boeing 787 Dreamliner samolyotini sotib oldi. Samolyot bugun, 5 may kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi 2016 yilning avgust oyidan boshlab Boeing 787 Dreamliner samolyotining Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachilaridan biri sifatida ushbu havo kemasining tijoriy ekspluatatsiyasini boshlagan. Mazkur rusumdagi ikkinchi samolyot 2016 yil noyabr oyida, uchinchisi esa, 2018 yil may oyida aviakompaniya parkini to‘ldirgan. Aviakompaniya rahbariyati tomonidan 2019 yilning aprelida to‘rtinchi hamda iyul oyida beshinchi Dreamliner ham qabul qilib olingan.
Vashingtonning Sietl shahridan 12 soat 20 daqiqada O‘zbekistonga yetib kelgan Boeing 787 Dreamliner samolyoti kapitani Ruslan Almamedovning aytishicha, samolyot amerikalik mutaxassislar bilan birga tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruvlar muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng, samolyot O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi bilan qabul qilib olingan.
Dreamliner’ni Amerikadan olib kelgan Ruslan Almamedov Kasbining og‘ir va yengil jihatlari haqida gapirdi.
“Men Boeing 787 kemasining sardoriman. 2012 yilda Sank- Peterburg fuqarolik aviatsiyasi universitetini tugatib, 2013 yildan Boeing 757-767 samolyotlarida ikkinchi uchuvchi bo‘lib ish faoliyatimni boshlaganman. 2016 yilning dekabr oyida Boeing 757-767 kema sardori bo‘lib tayinlanganman.
2018 yildan Boeing 787 samolyotlari olib kelina boshlagach, shu samolyotga Singapurda bir yarim oy davomida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tab, kema sardori bo‘lib ishlashni boshlaganman va shu kunga qadar ishlab kelayapman. Kasbimizni qiyin desa bo‘ladi. Chunki biz 300 ga yaqin yo‘lovchilarning hayotiga javob beramiz va har bir parvozdan oldin tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Kasbimiz zo‘r, lekin yana bir tomoni oiladan uzoqda bo‘lamiz, mana Sietlga uchib ketganimizga bir haftadan oshdi. Bir haftadan buyon oilamni ko‘rmadim, ularni juda sog‘indim.
Dadamlar ham uchuvchi bo‘lganlar, shuning uchun yoshligimdan uchuvchi bo‘lishni orzu qilardim. Qiyin vaziyatlarda ham voz kechish niyatim bo‘lmagan.
Bu kasbda asosiysi o‘z vaqtida to‘g‘ri qaror qabul qilish. 200 dan ortiq yo‘lovchilarni tashiymiz, ularning hammasi bizga ishonib topshiriladi. Hammasining hayoti bizning qo‘limizda, bu juda katta masuliyat”, deydi Ruslan Almamedov.
Boeing korporatsiyasi va “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi o‘rtasidagi ijtimoiy yordam yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik dasturi doirasida ushbu laynerda yurtimizga ijtimoiy ko‘makning uchinchi partiyasi ham olib kelindi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun taqdim etilgan mazkur insonparvarlik yordam yuki Orol dengizi mintaqasiga yetkazib beriladi. Favqulodda yordam va uskuna komissiyasi (Commission on Urgent Relief and Equipment) tomonidan taqdim etilgan mazkur yordamning umumiy qiymati 100 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
“O‘zbekistonga Favqulodda yordam va uskuna komissiyasi tomonidan uchinchi bor yordam yuklari yetib keldi. Tibbiy karavotlar, matras, zambil va boshqa tibbiyot uskunalari berilgan. Bundan keyingi yordam yukida tibbiyot uskunalari ham berilishi ko‘zda tutilgan.
Aviaqatnov orqali kelishi imkonsiz bo‘lgan mahsulot va uskunalar temir yo‘l orqali yuboriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash sohasini yaxshilash uchun ajratilgan mablag‘ning umumiy miqdori 3 mln AQSH dollar etib belgilangan. Bugun yetib kelgan gumanitar yordam Orolbo‘yida joylashgan tibbiyot punktlariga yetkazib beriladi. Bunda Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari ham ko‘zda tutilgan”, Murod Qurbonov.
Boeing 787 Dreamliner samolyotida yo‘lovchilarining barcha ehtiyojlari hisobga olingan. Boeing 767 bilan taqqoslaganda Dreamliner samolyotining yoqilg‘i samaradorligi 10 foizga, har bir yo‘lovchiga nisbatan hisoblaganda esa 20 foizga yetadi.
Samolyot korpusining 50 foizi kompozit, 20 foizi esa alyumin materiallardan tarkib topgan. Samolyot chiqaradigan tashqi shovqin avvalgi Boeing modellariga nisbatan 2 barobar kam. Salonning ichki diametri Boeing 767 ga nisbatan 1 metr kattaroq. Havo kemasi sahnidagi keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamalari, yoritish va shovqindan himoya qilish tizimlari parvozning yanada yoqimli bo‘lishini
ta’minlashi aytilmoqda. Shuningdek, samolyot sahni havo namlagichlar, yo‘lovchilar uchun alohida ekranlar hamda katta monitorlar bilan ham jihozlangan.
“Havo kemamiz hozir ham bemalol yo‘lovchilarni olib Amerikaga yoki boshqa uzoq davlatlarga uchib bora oladi. Sietldan 12 soatdan ortiq vaqt davomida uchib keldik. Bu Dreamliner 16-17 soatgacha to‘xtovsiz ucha olish imkoniyatiga ega
Ko‘pchilik uchuye birinchi parvoz qayerga amalga oshirilishi sir bo‘la qolsin, “syurpiriz”. Oldingi Boeing’lardan farqi tezroq uchadi, yoqilg‘ini 20 foizgacha tejaydi. Yo‘lovchilarga asosiy qulayligi to‘xtovsiz uzoq masofaga ucha oladi, ya’ni boshqa aviavokzallarda vaqt o‘tkazishga majbur bo‘lmaysiz. Parvoz davomida havo namlantirilishi hisobiga yo‘lovchilarni charchatmaydi. Ularda bosh og‘rig‘i, silla qurishi kuzatilmaydi”, deydi Minur Beshatov.
LiveBarchasi