AQSHda gumanitar yordam olib ketayotgan samolyot qulab tushdi
Olam
−
11 noyabr 2143 2 daqiqa
AQSHning Florida shtatida Yamaykaga gumanitar yordam olib ketayotgan kichik samolyot qulab tushdi, oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Associeted Press” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 10 noyabr kuni Fort-Loderdeyl shahri yaqinidagi Coral Springs turarjoy hududida joylashgan hovuzga Yamaykaga bo‘ron oqibatlarini yumshatish uchun gumanitar yordam olib ketayotgan kichik turbovintli samolyot qulagan. Halokat oqibatida ikki kishi vafot etgan. Samolyot uylar orasidan o‘tib, ularga shikast yetkazmagan.
Coral Springs politsiyasi halok bo‘lganlar borligini tasdiqlagan, ammo samolyot ichidagi shaxslar haqida batafsil ma’lumot bermagan. Favqulodda xizmatlar chaqiriq kelib tushgan zahoti voqea joyiga yetib borgan. Dastlab qutqaruv ishlari olib borilgan, ammo qurbonlar topilmaganidan keyin operatsiya “jasadlarni qidirish” bosqichiga o‘tgan.
Yong‘in va qutqaruv xizmati rahbari o‘rinbosari Mayk Moserning aytishicha, hech bir uyga zarar yetmagan, biroq hovuz atrofida samolyot parchalari topilgan. Mahalliy telekanallar esa hovuz yonidagi uylardan biri panjarasining singanini ko‘rsatgan.
Mahalliy aholi vakili Kennet DeTrolio “South Florida Sun Sentinel” nashriga bergan intervyusida aytishicha, samolyot uning uyi orqasidan uchib o‘tgan, panjarani buzib, palma daraxtlarini qulatgan va hovuzga qulagan. Uyning orqa hovlisi yonilg‘i bilan ifloslangan, uy ichida ham yonilg‘i hidi bir necha soat davomida ketmagan.
“G‘alati bir tovush eshitildi, bunday tovushni ilgari hech eshitmaganmiz. Keyin bildikki, samolyot bizning uydan va qo‘shnimizning uyidan o‘tgan ekan”, deydi DeTrolio.
Nashrga ko‘ra, 1976 yilda ishlab chiqarilgan “Beechcraft King Air” rusumli samolyot Fort-Loderdeyl Ijroiya aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 10:14 da uchgan. Atigi 5 daqiqa o‘tib, ya’ni 10:19 da Coral Springs hududida qulagan. Bu rusumdagi samolyotlar odatda 7–12 kishigacha yo‘lovchi tashiy oladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 28 oktyabr kuni Yamaykada “Melissa” bo‘roni quruqlikka chiqqan — bu Atlantika okeani tarixidagi eng kuchli bo‘ronlardan biri sifatida qayd etilgan. Bo‘ron Yamaykada 120 mingdan ortiq bino tomini uchirib ketgan, 90 mingga yaqin oila zarar ko‘rgan. Bo‘rondan bir hafta o‘tib ham 2000 dan ortiq odam vaqtinchalik boshpanalarda yashab turgani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kentukki shtatidan UPS kompaniyasiga tegishli MD-11 yuk samolyoti qulab tushgan va oqibatda 7 kishi vafot etgandi.
Live
Barchasi