OKMKda mahalliylashtirish dasturi doirasida 217,2 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan
Biznes
−
24 yanvar 2022
7373“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”da mahalliylashtirish dasturi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2021 yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 87 loyiha bo‘yicha 161,4 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish belgilangan edi. Amalda esa 217,2 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, reja 134,5 foizga bajarildi. Natijada esa import o‘rnini bosish samaradorligi 20,1 mln dollarni tashkil etdi.
Kombinatda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosan ikki yo‘nalishda amalga oshirib kelinadi. Bu birinchi navbatda kombinatning mavjud va yangi quvvatlarida mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisoblanadi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida bir qator yarmarkalar o‘tkazib kelinmoqda. Bu kabi yarmarkalarda kombinat muntazam qatnashib kelyapti.
Xususan, ana shunday yarmarkalardan biri 2021 yilning 14-18 dekabr kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da tashkil etildi. Mazkur Respublika tarmoqlararo yarmarkasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham ishtirok etdi.
OKMK ushbu yarmarkada 500 dan oshiq import (kimyo mahsulotlari, portlatish vositalari va jihozlari, metallprokat, ferroqotishmalar va boshqalar) mahsulotlari hamda 150 dan ortiq kombinatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar (mis va rux mahsulotlari, sement, fosoforit mahsulotlari, oltingugurt kislotasi, nodir metallar va qattiq qotishmalar)ni namoyish etdi.
Yarmarkada kombinat o‘z stendi bilan ishtirok etib, unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va mamlakatimizda ishlab chiqarilishi kutilayotgan 2000 dan ortiq import mahsulotlari katalogi ham taqdim etildi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan sanoat yarmarkasida muzokaralar natijasida mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari bilan mahsulotlar xaridi uchun jami 310 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi.
Shuningdek, yarmarkada muzokaralar natijasida ishlab chiqaruvchilar va kombinat o‘rtasida 260,7 mlrd so‘mlik mahsulot sotib olish bo‘yicha memdorandumlar imzolandi.
Bundan tashqari, yarmarkada kombinatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni eksport shartnomasi ham imzolandi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining “Rossink” korxonasi bilan rux metali va rux kuporosi yetkazib berish bo‘yicha 13,4 mln dollarlik shartnoma imzolandi.
Shuningdek, yarmarkada xorijning “Semaks Metall”, “Nord Minerals Corp”, “Antares”, “Trafigura Pte Ltd”, AO “Chelyabinskiy sinkoviy zavod”, OOO “Magnitogorskiy zavod metalloobrabotki”, TOO “Advaita”, TOO “CemEX Engineering” kabi korxonalari bilan ham molibden briketlari, molibden shtabiklari, volfram metali, volfram shtabiklari, rux metali, mis katodi, mis kuporosi, oltingugurt kislotasi kabi mahsulotlarni yetkazib berish hamda kombinatga mis va rux konsentratini olish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, OKMK tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun 2021 yilda kooperatsiya portali orqali 931,9 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi.
Bundan tashqari, 2021 yilning 22-24 aprel kunlari Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tgan sanoat yarmarkasida 47,2 mlrd so‘mlik, 25-26 noyabr kunlari o‘tkazilgan Toshkent viloyati hududiy sanoat yarmarkasida esa 220,3 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi.
Kombinatda mahalliylashtirish dasturi ijrosi asosan Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Rux zavodi va Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi kabi mehnat jamoalari tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.
Mazkur korxonalarda dastur asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar kombinat tarkibiy bo‘linmalar ehtiyojlariga hamda mahalliy korxonalarga yetkazib berilmoqda. Jumladan, o‘tgan yil dastur asosida po‘lat va cho‘yandan qo‘yilgan ehtiyot qismlar, konveyr uskunalariga ehtiyot qismlar va rezinotexnika buyumlari, GRAT va GRT nasoslariga, maydalash uskunalariga, ekskovatorlarga, tegirmonlarga zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar ishlab chiqarilgan.
Bundan tashqari, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali – rux oksidi, volfram metali, burg‘ulash koronkalari, nodir metallar va qattiq qotishmallar asosidagi mahsulotlar, yakuniy uch tomon konussimon keskichi, keramik tigellar, qattiq qotishmali parma, kislotabardoshli kukunlar, termoparalar kabi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ham o‘zlashtirilgan.
Yana bir muhim jihat dastur asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportida 1 086 900 dollarlik natija qayd etilgan.
2022 yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 98 ta loyiha amalga oshirilib, 250,7 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish belgilandi. Bunda import o‘rnini bosish samaradorligi 23,4 mln. dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda mahalliylashtirish dasturi kombinatda samarali amalga oshirib kelinmoqda.
Sherzod Tilovberdiyev,
Veb muharrir
Reklama huquqi asosida.
LiveBarchasi