2100 metr balandlikdan gapiramiz. Ob-havo va qor ko‘chkisi qanday aniqlanadi?
Intervyu
−
14 aprel 2021
10785Kunni ob-havo ma’lumotlari bilan tanishib, shunga ko‘ra rejalashtirish ko‘pchilik uchun odatga aylanib ulgurgan. Yaqin va uzoq muddatli ob-havoni bilish birgina odamning kunini rejalashtirishdan ko‘ra muhimroq ishlarda ham ahamiyatli. Xususan, kuchli shamol, yomg‘ir, qor va boshqa tabiiy hodisalarning yaqinlashayotgani qishloq xo‘jaligi, energetika, qurilish va boshqa sohalar uchun ham muhim.
Ammo ob-havo bashoratlarini tayyorlashning ham mushkulliklari bor. Buning uchun alohida markazlar tashkil etilgan. O‘zbekistondagi shunday joylardan biri Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida, qor ko‘chkisini aniqlaydigan Metiostansiyadir.
QALAMPIR.UZ aynan shu stansiyaga sayohat qildi. Bir narsani alohida e’tirof aytish kerak, shu vaqtga qadar bu stansiyaga jurnalistlar qadami yetmagan.
Dengiz sathidan 2100 metr balandlikda joylashgan Oygaing qor ko‘chki stansiyasi 1962 yil 1 dekabrda tashkil etilgan. Ixtisoslashtirilgan stansiya “Toshgidromet” va “O‘zgidromet”ning tezkor va ishlab chiqarish bo‘linmasi bo‘lib, uning asosiy vazifasi qor ko‘chkisi va gidrometeorologik kuzatuvlar ishlab chiqarishdir. Hudud ob-havosi, qor ko‘chish xavfi va qor balandligi doimiy ravishda mutaxassislar tomonidan nazorat qilinadi. Oygaing stansiyasida 8 ta shoshilinch meteorologik kuzatishlar to‘liq o‘tkaziladi. Kuzatish dasturiga harorat, havo va tuproq, havo namligi, atmosfera bosimi, yog‘ingarchilik, shamol yo‘nalishi va tezligi o‘lchovlari kiritilgan.
“Qor balandligi maxsus reyka yordamida o‘lchanadi. Piskent daryo havzasi atrofidagi qor balandligi 2 metr 60 santimetrni tashkil qilmoqda. Biz to‘plagan ma’lumotlarimiz Gidrometrologiya markaziga yuboriladi va qayta ko‘rib chiqilib o‘rtacha balandlik yig‘ilgan holda, ob-havo ma’lumotlari uchun foydalaniladi”, deydi Xavfli gidrometeorologik hodisalarni monitoringlash bo‘limi yetakchi muhandisi Adxam Mamaraimov
Qurilganiga 59 yil bo‘lgan bu stansiyada 3 nafar xodim faoliyat bo‘lib boradi. Ular stansiyada doimiy yashaydi va oziq-ovqat, yoqilg‘i, dori-darmon, maxsus kiyimlar va barcha zarur materiallar bilan ta’minlanadi. Hudud ob-havosi, qor ko‘chish xavfi va qor balandligi doimiy ravishda mutaxassislar tomonidan nazorat qilinadi.
Hozirgi kunda Oygaing stansiyasi hududida 1 ta xizmat ko‘rsatish va turar joy binosi, saqlash xonasi, dizel va sanuzel mavjud. Bu binolar ham 1962 yilda qurilgan bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2022 yilda barcha binolar qayta qurilib foydalanishga topshiriladi.
“Ma’lumotlar Meteostansiyadan bazaga kelib tushadi. Yaqin hududga oid havo harorati, shamol yo‘nalishi va uning tezligi, atmosfera bosimi shu bilan birga yog‘in miqdorlari ham aynan shu stansiyada aniqlanadi. Bugungi kunga kelib meteostansiyada faoliyat olib boradigan xodimlarga qulaylik bo‘lishi uchun yangi texnologiyalar joriy etilgan.
Avvallari xodimlar har 3 soatda stansiyaga chiqib, ma’lumotlarni yozgan holda Gidrometeorologiya markaziga yetkazishgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yangi avtomatik metrologik stansiyalar o‘rnatildi. Bu esa barcha ma’lumotlarni xonadan chiqmay turib aniqlash imkonini beradi”, deydi Gidrometeorologiya markazi – Gidrometeorologik kuzatuvlar tarmog‘i boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Zohidov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 19 fevraldagi “Toshqinlar, sel oqimlari, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini tugatish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida doimiy qor zaxiralarini aniqlash bo‘yicha kuzatuvlar olib boriladi. Ma’lumotlarga qaraganda bugungi kunda dengiz sathidan 3000 ming metr balandlikda joylashgan tog‘larga 3-3,5 metrdan baland qor yog‘gan. Qor balandligini aniqlash orqali oldinda qancha qor va suv zaxirasi borligi ham aniqlanadi.
Gidrometeorologiya havfli gidromed hodisalarini monitoringlash bo‘limi birinchi toifali muhandisi, Nodirjon Mamadaliyev bergan ma’lumotlarga qaraganda, yog‘ingarchilik kam bo‘lgani natijasida 2007 va 2016 yillarda qor zaxirasi kam bo‘lgan. O‘zbekistonda iqlimiy muammolardan biri bu suv zaxirasi. Suv oqimi qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikasidan kirib kelgani bois qor balandligi va zaxirani aniqlashga katta e’tibor qaratiladi.
“Oygaing stansiyasi juda kerakli stansiyalardan hisoblanadi, sababi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi qor ko‘chkilar monitoringi, aynan, Oygaing stansiyasi orqali aniqlanadi. Har kuni ertalab 7:30 da ma’lumotlar olinadi va boshqa stansiyalardan olingan ma’lumotlarga umumlashtirilib qor ko‘chkilari bashorat qilinadi. Meteo stansiyalarni qurishdan maqsad, aynan shu hududning meteorologik sharoitini yoritib berish hisoblanadi.
Stansiyani qurishda joyning tekisligi, kengligi, shamol aylanmasi, soya tushishi kabi sharoitlari o‘rganiladi. Sababi stansiya qurilishida geografik nuqtayi nazardan to‘g‘ri joyga qurilmasa, ob-havo aniqlanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Aynan Oygaing stansiyasi ham keng tekkis va ochiq hududda qurilgan.
Oygaing va bu yerdan 40-45 km uzoqroqda joylashgan Piskent stansiyalaridan olingan ma’lumotlar, Toshkent viloyati Bo‘tonliq tumanidagi ob-havo, shamol tezligi va qor ko‘chkilarini aniqlab beradi”, deydi Gidrometeorologiya havfli gidromed xodisalarini monitoringlash bo‘limi birinchi toifali muhandisi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr