O‘zbekistonda o‘z obro‘si va statusini o‘ylagan ijodkorlar xor bo‘lib o‘lib ketgan – Ahad Qayum
Intervyu
−
30 mart 2021
23413O‘zbekistonda o‘z obro‘si va statusini o‘ylagan ko‘plab ijodkorlar xor bo‘lib o‘lib ketgan. Bu haqda shoir, rejissyor, aktyor, prodyuserlikka da’vogar Ahad Qayum QALAMPIR.UZ’ning “Jim turing” loyihasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Jurnalist Nozima Vohidova Ahad Qayumga “Bugungi qora piarlaringiz obro‘yingizga putur yetkazmayaptimi?” degan savol bilan murojaat qildi. Zamonamiz “qahramon”ining javobi esa quyidagicha bo‘ldi:
“Men bu haqda o‘ylamayman. To‘g‘risini aytsam, o‘z obro‘si, hurmati asragan va statusini o‘ylagan ko‘p ijodkorlarning judayam xor bo‘lib o‘lib ketganini ko‘rdim”.
Nozima Vohidova suhbat davomida Ahad Qayumning fikrlariga keskin qarshi chiqdi va masalaning diniy jihatlariga to‘xtaldi. Jurnalistning fikricha, umrining oxirida qanday vafot etish insonning ijtimoiy kelib chiqishiga emas, balki taqdir bitigiga bog‘liq.
“Moddiy tomondan bizning ijodkorlarda qiyinchilik ko‘p. Bular kadr ortida”, deydi Ahad Qayum.
Ahad Qayum ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida “1 milliard”, “navbatdagi videomurojaatim” kabi jumlalarni ishlatish orqali atay asabga tegadimi yo unga shu pullarni taklif qilayotganlar bormi?
“Meni konsertlarda yarim soat chiqib berishim uchun 100 million so‘m so‘rashim, aslida katta pul emas. Biror konsertga chiqib bersam yoki biror korxonaning reklamasiga tushib bersam, deylik ular 1 mlrd foyda qiladigan bo‘lsa, men 200 million so‘m so‘rashim noto‘g‘ri emas. O‘zim ham biznesdaman. Bugun oddiy o‘zbek ijodkori bu pulni qo‘liga usholmayapti. San’atkorlarning o‘zi ham menga “sen nima deyapsan”, deb gapirishyapti. 1 milliard uchun “sen jinnimisan”, deganlar bo‘ldi. 1 milliard so‘m 95 ming dollar bo‘lyapti. Bugungi kunda bu pulga Toshkent shahrida nima qilish mumkin? Yo 3-4 xonali kvartira olish mumkin, yo biror yaxshi avtomobil olishingiz mumkin, yo do‘kon ochishingiz mumkin. Bundan ortig‘ini qilolmaysiz. Bu pul bilan hayotimizda juda katta shaklda o‘zgarib ketmaydi. Bir o‘zbek aktyori, rejissyori yoki prodyuserining oyiga 100-200 ming dollar topishiga oddiy qarash kerak. Bu pulni senga kim beradi deyavergan sari aktyorlarning narxi tushib ketaveradi. Aksincha, 500-300 ming dollarlik aktyorlar paydo bo‘lishi kerak. Men bundan ham ko‘p pul topaman”, deydi Ahad Qayum.
U so‘zida davom etarkan, bir kunda 7-8 tagacha reklamaga tushayotgani va oshig‘i olchiligini aytadi. Biroq, Ahad Qayum qilayotgan ishlari orqali jamiyatga keltirayotgan “foydasi” haqida gapirish istamadi.
Ahad Qayum ishtirokidagi "Jim turing" loyihasini to‘liq yuqoridagi videopleyerda QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi