Rustam kim? – Vazirlik xodimining shilqimligidan shikoyat qilgan jurnalist TIVga chaqirildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ishlash uchun akkreditatsiya olishga ariza topshirib, urinishi besamar ketgani yetmagandek, Tashqi ishlar vazirligi xodimning jinsiy tegajog‘ligi va bosimiga uchraganini aytgan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska TIVga chaqirildi. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qildi.

Agneshka Vilchevska bugun, 2 fevral kuni TIV vakillari bilan uchrashgan. Uchrashuv ham esda qolarli o‘tgan, negaki u yerda shilqimlik qilgani aytilgan Rustam ismli xodimning o‘zi topilmagan.

“Rustam kim? O‘zbekiston TIVda juda yoqimli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Meni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ochiq qolmoqda deb aytishdi. Men bu harakatni juda qadrlayman. Shu bilan birga, menga Rustamning xatti-harakatlarini o‘rganish mumkin emasligini aytishdi, chunki ... uning kimligini hech kim bilmas ekan”, deb yozgan Vilchevska Twitter`dagi sahifasida.

Jurnalistga ko‘ra, Rustam o‘tgan yili unga akkreditatsiya berish bo‘yicha yig‘ilishda qatnashgan. Yana u vazir bilan intervyu tashkil qilishga yordam bergan.

“Men ularga tashqi ishlar vazirligida Rustam bilan bir necha bor uchrashganimni, u o‘tgan yili mening akkreditatsiya bo‘yicha yig‘ilishimda ham qatnashganini tushuntirdim. O‘tgan yilning mart oyida u menga Mehnat vaziri bilan intervyu uyushtirib bergandi. O‘shanda vazirlikdagilar uni yaxshi biladiganga o‘xshagandi”, degan Vilchevska TIVda bo‘lgan voqealarni so‘zlab berarkan.

Polshalik jurnalist o‘zini Rustam deb tanishtirgan yigitning ismi boshqacha bo‘lishi mumkinligini ham aytib, shunday degan:

“Kecha bir do‘stim mendan Rustamning telegram profilini tekshirishni iltimos qildi. Avatar bir xil. Keyin raqam kimga ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirdik va u “Ilhomaka FBI”ga tegishli ekanligi aniqlandi. Shuning uchun men Tashqi ishlar vazirligiga, ehtimol ular izlayotgan yigitning oti “Ilhom" bo‘lsa kerak deb aytdim”.

Posti yakunida Vilchevska “Rustam” tezroq topshilishiga umid bildirgan hamda u TIVda bo‘lmasa, boshqa biror davlat tashkilotida ishlashi mumkinligini ta’kidlagan.

“Sirli Rustamni qidirish tez orada ijobiy natijalar beradi degan umiddaman. "Ilhom FBI" (yoki ehtimol Rustam SGB) Tashqi ishlar vazirligida yoki boshqa biron bir hukumat tuzilmasida topilishiga aminman). Barchasidan sizni xabardor qilib turaman”, deya so‘zini yakunlagan jurnalist.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamon holat yuzasidan ma’lumot berganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva munosabat bildirib, voqea aybdorlari jazolanishini bildirdi. Shuningdek, u “jurnalist Agneshka Pikulichka bilan sodir bo‘lgan voqea O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham mutlaqo qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holat” ekanini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Agneshka Pikulitska-Vilchevska

Baholaganlar

1468

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar