Kutilgan mehmon! Germaniyadagi nufuzli jurnalda Mirziyoyev haqida tahliliy maqola chop etildi

Jamiyat

image

Germaniyada chop etiladigan ommabop “Berliner Telegraph” jurnalining dekabr oyidagi sonida O‘zbekistonning Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi.

Muallif, taniqli nemis siyosatshunosi Mattias Dornfeld “O‘zbekistonning yangi imiji: ochiqlik va hamkorlikka tayyorlik” sarlavhali maqolasida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, respublika rahbariyatining tashqi va mintaqaviy siyosati haqida so‘z yuritgan.

Maqolada O‘zbekiston Yevroosiyoning markazi va Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan davlat sifatida mintaqaviy hamkorlikda yetakchilikni qo‘lga olishga urinayotgani ta’kidlangan.

“Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p davlat rahbariyati mintaqaviy hamkorlikda yetakchi rolni o‘z zimmasiga olish kerakligini angladi. Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston bilan mintaqaviy daryolarning quyi qismida joylashgan mamlakatlarga, jumladan O‘zbekistonga suv yetkazib berish masalasidagi ziddiyatlar hal qilindi. Ikki tomonlama chegaradan o‘tish punktlari ochilib, quruqlik va havo orqali transport aloqalari tiklandi. O‘zbekiston mintaqada umumiy iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikka intilmoqda”, deya ta’kidlaydi siyosatshunos.

Maqolada Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qo‘shnilari bilan munosabatlarni yaxshilagan O‘zbekiston shimoldagi qo‘shnisi Qozog‘iston bilan Orol muammosini hal qilishga yechim izlayotgani, bunga xalqaro hamjamiyatni ham jalb qilishga urinayotgani aytib o‘tilgan.

Muallif, shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzoralarda favqulodda faollashganini qayd etgan.

“2016 yilgi Prezident saylovidan so‘ng O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati yangi turtki oldi. U yaxlit yondashuvga asoslangani bilan ahamiyatli. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston xavfsizligi uning davlati xavfsizlik masalasi hamdir va Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni mintaqaviy va global kun tartibida yanada muhim ahamiyat kasb etishi kerak, deb hisoblaydi”, deya qayd etgan muallif.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Afg‘onistonga iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatayotgani ham aytib o‘tilgan. Bu o‘rinda, mamlakat qo‘shnisini elektr energiyasi bilan ta’minlayotgani, Termiz va Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasini kengaytirishda ishtirok etayotgani va yangi temir yo‘l tarmoqlari qurilishini to‘la qo‘llab-quvvatlayotgani misol qilib ko‘rsatilgan.

Nashr Mirziyoyevning ko‘plab tashabbuslari Germaniyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligi davrida qabul qilingan YeI Markaziy Osiyo strategiyasining maqsad va vazifalariga mos kelishini qayd etgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy islohotlari boshlangandan buyon Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, shu jumladan Germaniya O‘zbekistonning muhim sheriklari ekani ta’kidlangan. Shu nuqtai nazardan, 2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston rahbarining GFRga muvaffaqiyatli tashrifi, shuningdek, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter  Shtaynmayerning o‘sha yil may oyida O‘zbekistonga javob tashrifi samarali bo‘lgani eslanadi.

“Prezident va uning Hukumatining o‘zbek jamiyati manfaatlari yo‘lidagi istiqbolli islohotlari Germaniya tuzilmalari tomonidan qat’iy qo‘llab-quvvatlanmoqda”, deyiladi materialda.

Mattias Dornfeld O‘zbekistonda xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortadigan muhim mavzularda yirik konferensiyalar o‘tkazilayotganini ham aytib o‘tgan.

U Markaziy Osiyo mintaqasi bilan Yevroosiyoning boshqa muhim mintaqalari o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash masalalarini hal qilish yo‘llarini muhokama qilish uchun 2021 yilda O‘zbekistonda “Markaziy va Janubiy Osiyo. Mintaqaviy aloqalar. Qiyinchiliklar va imkoniyatlar” mavzusida konferensiya o‘tkazish rejalashtirilganini qayd etgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan takliflariga ham to‘xtab o‘tilgan. Xususan, O‘zbekiston qashshoqlikka qarshi kurashish tashabbusi bilan chiqani alohida ta’kidlangan. Shuningdek, respublikaning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani shu o‘rinda eslatib ketilgan.

“Shavkat Mirziyoyev to‘rt yil avval Prezident etib saylanganidan buyon O‘zbekistonning tashqi va mintaqaviy siyosati sezilarli darajada o‘zgardi. Muhim islohotlar boshlandi, mamlakat ochildi va xalqaro tashkilotlar doirasida muntazam ravishda muhim tashabbuslar va siyosiy takliflarni ilgari surmoqda”, deb xulosa qiladi Mattias Dornfeld.

Muallifga ko‘ra, G‘arbda Prezident Shavkat Mirziyoyev MDH makonidagi qat’iy islohotchi sifatida qabul qilinadi va, ayniqsa, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish haqida gap ketganda, kutilgan mehmon sifatida e’tirof etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

258

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing