Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi
Jamiyat
−
18 noyabr 2019
8888O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15 noyabr kuni “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmon bilan, millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Shuningdek, millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Konsepsiya inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlashga yo‘naltirilgan.
Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ning bajarilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, Farmon bilan Qo‘mita tuzilmasida Millatlararo munosabatlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifalaridan biri millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy maqolalar, kitoblar, ilmiy-tadqiqot materiallari, axborot-tahliliy sharhlar tayyorlash va e’lon qilishdan iborat.
Farmon bilan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha Komissiya tuzildi.
Millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish, millatlararo munosabatlar sohasida ishlar holatini joylarga chiqib tizimli o‘rganishni tashkillashtirish Komissiyaning asosiy vazifalaridan biridir.
LiveBarchasi