“Yoshlik I” koni hududi kengaytiriladi
Jamiyat
−
19 may 2020
5494O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan belgilanishicha, "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ (keyingi o‘rinlarda – OKMK) tomonidan "Yoshlik I" konini o‘zlashtirish" investitsiya loyihasi amalga oshirilishi uchun Piskent va Ohangaron tumanlarida hududlar ajratib berilishi talab qilinadi. Xususan:
• Piskent tumanida umumiy maydoni 1 415,8 gektarga teng hudud – fabrikada ma’danlarni boyitish jarayonida hosil bo‘ladigan qoldiqlarni saqlash ob’ektini, uning infratuzilma va sanitar zonalarini (keyigi o‘rinlarda - qoldiqlarni saqlash ob’ekti);
• Piskent va Ohangaron tumanlarida umumiy maydoni 712 gektarga teng hudud - 3-son Mis boyitish fabrikasining suv va tashqi elektr ta’minoti ob’ektlarini (infratuzilma ob’ektlari) qurish uchun.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyati hokimligiga quyidagilar topshirildi:
a) Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:
qoldiqlarni saqlash ob’ekti hamda infratuzilma ob’ektlari hududlarining aniq chegaralarini belgilash;
qoldiqlarni saqlash ob’ekti hamda infratuzilma ob’ektlari hududlarida joylashgan turar joy, ishlab chiqarish hamda boshqa inshootlar, qurilmalar va ekinlarni xatlovdan o‘tkazish;
b) OKMK bilan birgalikda:
• qoldiqlarni saqlash ob’ekti hamda infratuzilma ob’ektlarini qurish doirasida olinishi rejalashtirilayotgan yer uchastkalari mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari bilan ochiq muloqot o‘tkazish, shuningdek, foyda va xarajatlarni baholash;
• o‘tkazilgan xatlov va ochiq muloqot natijalariga ko‘ra, yer uchastkalarining olinishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash ishlarini amalga oshirish;
• zararlarni qoplash masalasi hal etilgandan so‘ng, yer uchastkalarining olinishi va ajratib berilishini ta’minlash.
OKMK mablag‘lari hisobidan quyidagilarning o‘rni qoplanadi:
• yer uchastkalari mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilarining ko‘rgan zararlarini, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni;
• yer uchastkalari mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilarining ko‘rgan zararlarini baholash xarajatlari;
• yer uchastkalarining olinishi natijasida turar joylari buzilishi nazarda tutilgan jismoniy shaxslarning yangi qurilayotgan yakka tartibdagi turarjoy va boshqa inshootlarini tegishli muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash xarajatlari.
OKMK investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda foydalanishga olinadigan sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirish, shuningdek, lalmi yerlar, pichanzorlar, yaylovlar holatini tubdan yaxshilash uchun talab etiladigan kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilindi.
LiveBarchasi