Husiylar Amerikaning uchta kemasiga hujum qildi
Olam
−
13 noyabr
4242Yamanning husiylar harakati kecha, 12 noyabr kuni raketa va dronlar bilan Arab dengizida AQSHning “Avraam Linkoln” aviatashuvchi kemasiga, shuningdek, Qizil dengizdagi AQSHning ikkita esminetsiga hujum qildi. Bu haqda husiylarning harbiy vakili Yahyo Sariya bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, husiylar tomonidan tuzilgan havo kuchlari “ikkita harbiy operatsiya o‘tkazgan, birinchi bo‘lib Arab dengizida bo‘lgan Amerikaning Avraam Linkoln aviatashuvchi kemasiga hujum qilingan”.
“Bu amerikalik dushman mamlakatimizga qarshi dushmanlik amaliyotlarini o‘tkazishga tayyorlanayotgan paytda qanotli raketalar va uchuvchisiz samolyotlar yordamida amalga oshirildi”, dedi Sariya.
Uning qo‘shimcha qilishicha, husiylar “Qizil dengizda ballistik raketalar va uchuvchisiz samolyotlar yordamida Amerikaning ikkita esminetsiga” ham hujum qilgan.
Sariyaning so‘zlariga ko‘ra, ikkala operatsiya ham sakkiz soat davom etgan va esminetslarga qilingan hujumlar “maqsadlariga erishgan”.
Uning ta’kidlashicha, husiylar Vashington va Londonni “Qizil dengiz mintaqasini harbiy keskinlik zonasiga aylantirgani”, shuningdek, bu keskinlashuvning yuk tashishdagi oqibatlari uchun javobgar deb hisoblaydi.
Husiylarga tegishli “Al Masirah” telekanali amerikalik harbiylar Al-Beyda provinsiyasidagi Saumaa hududida tinch aholi avtomobiliga hujum qilgani haqida xabar bergan edi. Dubaydan efirga uzatiladigan “Al Arabiya” telekanali manbasining aniqlik kiritishicha, “Amerika droni hududda husiy yetakchilari bo‘lgan mashinaga hujum qilgan”. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Al-Beyda viloyatidagi husiylarning harbiy ob’ektlariga ham hujum qilgan.
G‘azo sektoridagi mojaro avj olgandan so‘ng, husiylar Isroilni o‘qqa tutishi va Falastin anklavidagi operatsiya to‘xtatilmaguncha unga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligi haqida ogohlantirgan. O‘tgan yilning noyabr oyidan beri husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida o‘nlab tinch aholi kemalariga hujum qilgan.
Husiylarning harakatlariga javoban Amerika rasmiylari xalqaro koalitsiya tuzilgani va Qizil dengizda navigatsiya erkinligini ta’minlash va kemalarni himoya qilish bo‘yicha operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar qurolli kuchlari Yamanning turli viloyatlaridagi husiylarning harbiy nishonlariga muntazam zarba bera boshladi.
LiveBarchasi