Husiylar hujum qilgan kema Qizil dengizda cho‘kib ketdi

Olam

image

Yamandagi husiylar tomonidan hujumga uchragan Britaniya kemasi bir necha kun suvda turgandan so‘ng Qizil dengizda cho‘kib ketdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Buyuk Britaniyaning Rubymar yuk kemasi 18 fevral kuni Qizil dengiz va Adan ko‘rfazini bog‘laydigan muhim suv yo‘li Bob al-Mandeb bo‘g‘ozidagi hujumdan beri shimolga qarab ketayotgan edi. 

“Bu G‘azoda urush boshlanganidan beri husiylarning bir necha oy davom etgan hujumlari davomida cho‘ktirilgan birinchi kemadir”, deyiladi xabarda.

Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumati hamda mintaqaviy harbiy amaldori anonimlik sharti bilan kema cho‘kib ketganini tasdiqladi. Rubymar’ning Bayrutdagi menejeri bilan esa bog‘lanib bo‘lmadi.

Yaman hukumati kemaning cho‘kib ketganidan afsusdaligini bildirib, bu Yaman hududiy suvlari va Qizil dengizda ekologik falokat keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.

“Shunday bo‘lishi kutilgan edi, chunki kema 12 kundan ko‘proq vaqt davomida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan va Yaman hukumatining ofatning oldini olish bo‘yicha chaqiruvlariga javob berilmagan", deya ta’kidladi hukumat.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi 18 fevral kuni husiylar Britaniyaning 41 ming tonna o‘g‘it olib ketayotgan Rubymar yuk tashuvchi kemasiga hujum qilgani va kemaga suv kira boshlagani haqida xabar bergan.

Husiylar harbiy voizi Yahyo Sariya ham 19 fevral kuni kema jiddiy shikastlangani va cho‘kib ketishi mumkinligini aytgan.

SABA axborot agentligi katta ekologik falokat xavfi haqida ogohlantirib, kema katta miqdorda ammiak va neft olib ketayotganini yozdi.

Ma’lumot uchun, o‘zlarining so‘nggi hujumlaridan birida husiylar Saudiya Arabistonidagi Jidda va Sharqiy Afrikadagi Jibuti o‘rtasidagi Qizil dengizda yana bir hujumda to‘rtta dengizosti kabelini uzib yuborgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Yaman husiylar Qizil dengiz Rubymar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing