Hukumat so‘z erkinligini cheklab qo‘ygan — AQSH O‘zbekiston bo‘yicha hisobot e’lon qildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

AQSH Davlat departamenti O‘zbekistondagi inson huquqlari bo‘yicha vaziyat yuzasidan 2020 yil uchun hisobot e’lon qildi. Ushbu hisobot AQSH Davlat departamenti rasmiy veb-sahifasida e’lon qilingan

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining ustuvor mezoni bo‘lmish so‘z va matbuot erkinligiga hukumat tomonidan quyidagi to‘siq va cheklovlar qo‘yilmoqda:

•  so‘z, matbuot va Internet erkinligini cheklash, shu jumladan, raqamli ijtimoiy media platformalarini ataylab sekinlashtirish;

•  yig‘ilish va uyushmalarga cheklovlar, fuqarolik jamiyatiga to‘siqlar qo‘yish, shu jumladan, hukumatni tanqid qilgan huquq faollari, jurnalistlarni ta’qib qilish va hibsga olish.

Hisobotda O‘zbekiston Konstitutsiyasi fikrni ifoda etish, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlashi, biroq hukumat ham onlayn, ham oflayn ommaviy axborot vositalarinig bu huquqlarini cheklab qo‘ygani qayd etilgan.

“O‘zbekistonda qonun Prezidentni tanqid qilishni cheklaydi va Prezidentni ommaviy ravishda haqorat qilish besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadigan jinoyat hisoblanadi. Qonun diniy mojaro va millatlararo nizolarni qo‘zg‘atadigan yoki konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazish yoki ag‘darishni targ‘ib qiluvchi maqolalarni nashr etishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi”, deyiladi hisobotda.

Hisobotda, shuningdek, o‘tgani yili Qirg‘izistonning poytaxti Bishkek shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga jo‘natilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev haqida ham so‘z boradi.

“[2020 yilning] 9 avgust kuni Qirg‘izistonda O‘zbekiston tomonining iltimosiga binoan o‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayev hibsga olindi. Abdullayevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi (Prezidentga qarshi jinoyat) va 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.

Ayblovlar Abdullayevning “Qora mergan” taxallusi bilan hukumatni korrupsiyada ayblab yozgan maqolalariga asoslangan. 22 avgust kuni Qirg‘iziston hukumati Abdullayevni majburan O‘zbekistonga jo‘natib yubordi. U maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandan so‘ng, ozod qilindi va bir necha hafta o‘tgach, rasmiylar ayblovlarni bekor qildi”, deyiladi hisobotda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida Bobomurod Abdullayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tugatildi. Oradan bir necha kun o‘tgach O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jurnalist Bobomurod Abdullayevga poytaxt markazidan uch xonalik yangi kvartira sovg‘a qildi.

AQSH Davlat departamentining hisobotiga qaytadigan bo‘lsak, unda xususiy OAV to‘liq erkin ishlamagani va ularda nima yoritilishi davlat tomonidan nazorat qilingani qayd etilgan. Bundan tashqari, chet ellik jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish shunchaki hukumat qo‘lida matbuot erkinligini cheklash uchun vosita bo‘lib xizmat qilayotgani ham aytilgan.

“Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, barcha xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari o‘zlarining reportajlarining to‘g‘riligi uchun javobgar, chet ellik jurnalistlarning mamlakatda rasmiy akkreditatsiyasiz ishlashi taqiqlangan va xorijiy ommaviy axborot vositalari milliy ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarga bo‘ysunadi”, deyiladi hisobotda.

Davlat departamenti hisobotida hukumat ba’zi xorijiy jurnalistlar va OAVning mamlakatda ishlash imkoniyatidan mahrum qilish uchun akkreditatsiya qoidalaridan foydalanayotgani ham aytib o‘tilgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda BBC, “Amerika Ovozi” va “Eurasianet” akkreditatsiyadan o‘tib, rasman faoliyat yuritadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

215

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing