“Hukumat istamasa, biz bor”. Slovakiya aholisi Ukraina uchun 2 mln yevro yig‘di 

Olam

image

Slovakiya aholisi Ukraina armiyasida yuzaga kelayotgan qurol-yarog‘ tanqisligi fonida Kiyevning snaryad sotib olishi uchun ikki million yevrodan ko‘proq mablag‘ yig‘di. Bu haqda "Meduza" xabar berdi.

Qayd etilishicha, avvalroq Slovakiya hukumati Chexiyaning Kiyev uchun mablag‘ yig‘ish va o‘q-dorilar yetkazib berish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgandi.

BBC xabariga ko‘ra, mablag‘ ikki kundan kamroq vaqt ichida yig‘ilgan. “Hukumat istamasa, mana biz qilamiz” shiori ostida o‘tgan aksiyada 32 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan.

Mablag‘ yig‘ishni 1944 yilda fashistlarga qarshi Slovakiya qo‘zg‘olonida qatnashgan va Xolokostdan omon qolgan 99 yoshli Otto Shimko boshlagan.

“Biz Putinni Ukrainadan haydab chiqarishimiz kerak. Biz uni yengishimiz kerak”, degan otaxon jurnalistlarga. 

99 yoshli Otto Shimkoning fikricha, Gitler va Putinning o‘rtasida deyarli farq yo‘q. 

"Ikkinchi jahon urushidan omon qoldim. Men bu urush paytida jang qilganman. Eshitib oling: Gitler bilan muzokara qilishning ma’nosi yo‘q edi. Putin bilan ham xuddi shunday”, degan u.

Chexiyaning Ukrainaga yordam jamg‘armasi bilan hamkorlik qiluvchi “Ukrainaliklar uchun tinchlik” tashabbusi vakili Zuzanna Ijakovaning aytishicha, yig‘ilish tashkilotchilari ularni qo‘llab-quvvatlovchilarning bu qadar ko‘pligidan hayratda qolgan. 

"Bu Robert Fitsoning ichki va tashqi siyosatiga Slovakiyaning qarshilik ko‘rsatish belgisidir", degan u.

Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso bu tashabbusning muvaffaqiyati haqida hozircha izoh bermagan. Mamlakat Mudofaa vaziri Robert Kaliniak Slovakiya demokratik davlat va uning aholisi xohlaganini qila olishini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Slovakiya yordam aholisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing