Hukumat huzurida yangi agentlik tashkil etiladi
Jamiyat
−
02 aprel
5652Vazirlar Mahkamasi huzurida Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etiladi. Bu 27 martda qabul qilingan “Energiya samaradorligini oshirish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va energiya servis kompaniyalari xizmatlari bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilangan.
Farmonga asosan, energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, sohada rag‘batlantiruvchi va ta’sir etuvchi choralar ishlab chiqish va tartibga solish mazkur agentlikning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
2025 yil 1 iyuldan aholi uy-joylarining energiya auditini o‘tkazish xarajatlari hamda quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi va issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining 40 foizini, lekin BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplash uchun agentlik tomonidan subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 sentyabrgacha Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi ishga tushiriladi.
Agentlik huzurida byudjetdan tashqari Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrga qadar ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun texnologiyalar energiya samaradorligining “yashil” standartlari joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilgandi. Joriy yil fevral oyida Sharifbek Hasanov ushbu agentlik direktori etib tayinlandi.
LiveBarchasi