Hududiy elektr tarmoqlari aprelda elektr energiyasi narxining oshishi bo‘yicha izoh berdi (video)
Jamiyat
−
23 yanvar
11767O‘zbekistonda aprelda “svet” narxi oshayotganiga izoh berildi.
18 dekabr kuni Senat yalpi majlisida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni muhokamasida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2025 yilning 1 aprelidan boshlab электр energiyasi narxi yana oshishi haqida gapirgan edi.
Vazir tariflar xarajatlari o‘zini to‘liq qoplaydigan darajaga chiqmaganini birinchi sabab qilib ko‘rsatar ekan, energetika sohasiga kiritilayotgan subsidiyalar 2027 yilga kelib keskin pasayishi, 2028 yildan boshlab esa subsidiyalarni byudjetdan berish keskin kamayishini ma’lum qilgan. Bugun, 23 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati narxlarning oshishi bo‘yicha izoh berdi.
“To‘g‘ri, barchamizga ma’lumki, 2024 yilning o‘sha aprel oyida 204-son Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqan. Bu qarorda 2024 yil va 2025 yillar uchun bir paytning o‘zida tariflarga tegishli o‘zgartirish kiritish ta’kidlab ketilgan, ko‘rsatib o‘tilgan. Narxlarning oshishi o‘sha paytdayoq aytilgan edi”, dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Ma’lumotlarni qayta ishlash va dasturiy tizimlarni takomillashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Diyor Nishonov.
Uning aytishicha, narxlar 2018 yilgacha oshmagan. Bu esa narxlarni ketma-ket oshirish uchun sabab bo‘lmoqda.
“2018 yildan beri tarif oshmagan edi. Lekin bilamizki, yoqilg‘i, neft mahsulotlari har yili bozor munosabatlariga ko‘ra tannarx oshib boradi. Ijtimoiy respublika bo‘lgani uchun ijtimoiy qatlamga ko‘proq e’tibor berilganligi uchun tariflar ancha muddat oshirilmadi.
Lekin endi o‘sha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarni yana ham jadallashtirish, ya’ni joylardagi quvvatlarni oshirish, transformator punktlarini yangisiga almashtirish yoki borlarning quvvatini oshirish o‘z navbatida, tegishli mablag‘ talab qiladi. Shu sababdan narxlarni oshirishga majbur bo‘ldik. Yana bir ma’lumot: narxni oshirish bo‘yicha tahlillar va ma’lumotlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” taqdim etadi. Lekin narxlarni ko‘rib chiqish baribir Iqtisod va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida Jamshid Qo‘chqorov Toshkent shahrida kelasi yilda issiqlik ta’minoti tariflari ham 2 marta oshirilishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi