Hududida binolar qurilmaydigan parklar tashkil etiladi 

Jamiyat

image

Bugun, 24 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan yig‘ilishda viloyat hokimlariga yil yakuniga qadar istirohat bog‘larida aholi uchun “sokin hudud”larni tashkil etish topshirildi. 

Shuningdek, Mirziyoyev yig‘ilishda istirohat bog‘lari qarovsiz ahvolda ekanini tanqid qilgan.

“Respublikadagi 300 ga yaqin istirohat bog‘i turli vazirlik va idoralarga qarashli bo‘lib, ularning aksariyati qarovsiz, desak bu ham haqiqat”, deydi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, har bir shahar va tuman markazida kamida 2 tadan “yashil maydon” va jamoat parklari tashkil etiladi. Bundan tashqari viloyat hokimlariga yil yakuniga qadar istirohat bog‘larida aholi uchun “sokin hudud”larni tashkil etish topshirilgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur bog‘larning kamida 60-70 foizi “yashil hudud” bo‘ladi va ushbu hududlarda bino-inshootlar qurilishiga ruxsat berilmaydi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan sayilgoh (jami – 12 ta), “yashil maydon” va alleya (jami – 25 kilometr), ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalarning har birida “yashil maydon”lar tashkil etish lozimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, poytaxtning 60 kilometr kanal bo‘ylari, 250 kilometr piyoda yo‘laklari atrofiga manzarali daraxtlar ekish kerak.

Qayd etish kerakki, ushbu yig‘ilishda davlat rahbari hokimlarning ishidan qoniqmaganini aytib, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi muammolarni ko‘rsatib o‘tgan. Bundan tashqari, yig‘ilish doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

64

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing