Shavkat Mirziyoyev AQSH bojlarining jahon iqtisodiyotiga ta’siri haqida gapirdi
Jamiyat
−
18 aprel 6691 2 daqiqa
Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida shakllangan barqaror munosabatlar bugun samarasiz bo‘lib qolgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 aprel kuni o‘tayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.
O‘zbekiston rahbari so‘zi avvalida global iqtisodiy holatga to‘xtaldi.
“Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ularni miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida barqaror munosabatlar va o‘zaro ishonchni ta’minlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz bo‘lib borayapti”, deydi Prezident.
Ma’lumki, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning aprel oyi boshida butun dunyo mamlakatlariga AQSHga eksport qilinadigan tovarlar uchun bojlarni e’lon qilgandi. O‘zbekiston rasmiylari bugungacha bu masalalarga to‘xtalarkan, vaziyatga AQSH nomini tilga olmay, “jahon iqtisodiyotiga yuzaga kelgan vaziyat” deya baho bermoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan safar o‘tkazgan videoselektorda ham vaziyatga aynan shunday ta’rif bergan edi.
“Albatta, bu jarayonlar zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotini sekinlashuvi va xalqaro savdoni kamayishiga olib kelishi mumkin”, deydi davlat rahbari bugun o‘tayotgan videoselektorda.
Ma’lumot uchun, mart oyi boshida Donald Tramp Xitoy importiga boj to‘lovlarini 10 foizdan 20 foizga oshirdi, chunki “Xitoy noqonuniy narkotik inqirozini yumshatish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ra olmadi”. O‘tgan hafta oxirida Tramp 180 dan ortiq mamlakat va hududlarga, jumladan, Xitoyga yangi import tariflarini e’lon qildi.
Pekin Amerika tovarlariga ham xuddi shunday bojlar joriy etishi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban Tramp 7 aprel kuni, agar Pekin javob choralarini bekor qilmasa, Xitoyga 9 apreldan boshlab qo‘shimcha 50% import bojlari joriy etilishini aytdi. Ammo shundan so‘ng, AQSH Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga 104 foizlik import boji joriy etishga qaror qildi. Xitoy ham jim turgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar bilan savdo mojarosida Xitoy hukumati Amerika importiga ilgari kiritilgan 34 foizlik bojlardan tashqari, 50 foizlik yangi javob tariflarini e’lon qildi va umumiy miqdorni 84 foizga yetkazdi. Qasdma-qasdiga qilgani kabi AQSH ham Xitoyga nisbatan boj stavkasini 125 foizgacha ko‘tardi. AQSH ham bojlarni oshirib, 145 foizga yetkazdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev xalqaro bozordagi vaziyat o‘zgarishi munosabati bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgandi. U 14 aprel kuni Chimkent shahri jamoatchiligi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda global savdo urushini boshlash rejalari tufayli dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgani, savdo urushi qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi