Hozir Markaziy Osiyo hamma narsaning markazida – Borrel

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Tashqi siyosat xizmati rahbari Jozep Borrel Markaziy Osiyo davlatlari YeIning asosiy hamkoriga aylanib borayotganini aytdi. Bu haqda u kecha, 29 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalariga bag‘ishlangan Global Gateway investorlar forumida so‘z ochdi.

“Hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining asosiy hamkoriga aylanmoqda. Men bundan to‘rt yil oldin, Bryusselda ish boshlaganimda, Markaziy Osiyo biroz chetda edi. Hozir esa siz barcha harakatlar markazidasiz”, deydi Borrel.

Uning qayd etishicha, YeI uchun o‘z tamoyillarini himoya qilishi, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning samara berishi juda muhim. Shuning uchun YeI Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tish mexanizmini tushunishga harakat qilmoqda. 

"Sanksiyalar samarali bo‘lishi uchun biz sheriklarimiz bilan to‘liq hamkorlikka muhtojmiz. Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz va Rossiya o‘rtasidagi savdoni diqqat bilan kuzatib boramiz, qanday mexanizmlar sanksiyalarni chetlab o‘tishimizga imkon berayotganini tahlil qilamiz", deydi u.

Shuningdek, Borrel Yevropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyoga taklif etilayotgan sarmoyalar “umumiy qadriyatlarni himoya qilishga qaratilgan siyosiy maqsadlarga” ega ekanini aytdi.

"Bizga global muammolarga javob berish uchun yanada yaqinroq hamkorlik kerak. Ha, biz mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishimiz kerak, transport aloqalarini rivojlantirishimiz kerak, ammo bu vazifalarning barchasi siyosiy maqsadni ko‘zlaydi – umumiy qadriyatlarni himoya qilish orqali sherikligimizni mustahkamlash va kelajagimizni ta’minlash”, deydi Borrel.

Bundan tashqari, Borrel joriy yilda O‘zbekistonda Yevropa Ittofoqi-Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tishi va undan yaxshi natijalar kutayotganini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, 29-30 yanvar kunlari Bryusselda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalariga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyo Jozep Borrel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing