“Hokimliklarning maqsadi – korrupsiya”. Ishdan ketgan Ombudsman nimalar degan edi?

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev lavozimidan ozod etildi

So‘nggi vaqtlarda zo‘ravonlik, tazyiq va qiynoqlar ko‘payib borayotgani, undan jabr chekayotganlarning arz-dodi ko‘pincha eshitilmagani quloqqa chalinayotgan edi. Inson huquqining buzilishini faqat zo‘ravonlik qurboni bo‘lishda emas, balki so‘z va matbuot, vijdon erkinligi, mehnat, uy joyga egalik, saylash, o‘z fikrini erkin ifoda etish kabi huquqlari buzilishida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda inson huqulari bormi, degan savol esa ko‘pchilikni yillar davomida javob berishga ikkilantirib kelayotgan masala sifatida ko‘riladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Muhammadiyev 2015 yil 15 may kuni Oliy Majlis inson huquqlari bo‘yicha vakili lavozimiga saylangandi. Ombudsmanning yillar davomidagi faoliyati kimlar uchundir ma’lum, kimlardir esa, uni haligacha yaxshi bilmaydi. 

Yodingizda bo‘lsa, Ulug‘bek Muhammadiyev QALAMPIR.UZ bilan intervyuda O‘zbekistonda inson huquqlarining ta’minlanishi borasidagi bir qancha savollarga javob berib, holatlar bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirgandi.

Mazkur suhbatda Ulug‘bek Muhammadiyev:

  • hozirgacha sudlarga bosim bo‘layotgani;
  • sudgacha bo‘lgan davrda adolat yo‘qligi;
  • hokimliklardagi korrupsiya;
  • diniy ekstremizm bilan qamalgan mahkumlarga bo‘lgan munosabat;
  • OAVga bo‘layotgan bosim;
  • O‘ziga pora taklif qilishgani;
  • kiynoqlar kamerasiz xonada bo‘layotgani;
  • alohida Tergov qo‘mitasini tashkil etish zarurati;
  • kiyniqlarning O‘zbekiston imijiga ta’siri;
  • ombudsman ayrim vaziyatda o‘zini aybdor his qilishi haqida gapirgandi.

Jumladan, Ulug‘bek Muhammadiyev QALAMPIR.UZ bilan intervyuda aholi uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylangan "snos" masalasiga ham to‘xtalib, odamlarning yashab turgan joyidan chiqarib yuborilishini insonning shaxsiy mulkiga bo‘lgan tajovuz ekanini aytib o‘tgandi.

“Bu – to‘g‘ridan-to‘g‘ri insonning shaxsiy mulkiga bo‘lgan tajovuz. Shu bilan birga inson huquqining ochiqchasiga buzilishidir. Turli idora va hokimiyatlar bir oilani yashab turgan uydan chiqarib yuborib, uyini buzib tashlayapti. Bu tamoman inson huquqlari buzilishining ochiqchasiga va so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan ko‘rinishi. Odamlarni uylari buzilyapti-da, puli ham to‘lanmayapti. Shu bilan birga ko‘chaga xaydab yuborilyapti. 

Pul to‘lash ham nomiga. Bir odamning egallab turgan uyi bilan ular berayotgan mablag‘ teng emas. Bu narsalarni gapirish kerak. Bu ishlarni ochiqchasiga mahalliy hokimliklar qilyapti”, degandi Ombudsman.

Ulug‘bek Muhammadiyevnining ta’kidlashicha, hokimlarning tadbirkorlarga yer ajratib berish masalasida tartibsizlik va boshboshdoqlik mavjud, bundan maqsad esa, korrupsiya.

“Bizda qiziq tendensiya bor. Bir hokim tadbirkorga yer ajratib beradi. U yerning qanday ajratilgani hokimga va xudoga ayon. Tadbirkor u yerda ish boshlab, bino quradi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, boshqa hokim keladi va avvalgi hokim chiqargan qarorni bekor qilib, aynan o‘sha yerni boshqa tadbirkorlarga qaror chiqarib, berib yuboryapti. U ham mayli edi, shu orada hokim uchinchi marta o‘zgarsa, u ham o‘z qarorlarini chiqaradi. Va boshqa tadbirkorlarga sotib yuboradi. Hammasi “kasha” bo‘lib yotibdi. Bu nima degan gap?

Agar bu ishlarni Adliya vazirligi tahlil qilsa, daxshatli manzara paydo bo‘ladi. Hokimliklarning bu ishlarni qilishdan maqsadi nima ekanligi ayon. Maqsad – korrupsiya, boshqa narsa emas”, degandi Ombudsman.

Shuningdek, Ombudsman ushbu intervyuda kamerasiz xonalarda o‘tkazilayotgan tergovlardagi qiynoqlar haqida ham so‘z ochgan. QALAMPIR.UZ Andijondagi qiynoqlar masalasi yuzasidan Ulug‘bek Muhammadiyevga yuzlangan.

Muhammadiyev gapni cho‘zmagan. Indallosi qiynoq va tazyiqdan foydalanilayotgan tergovlar kamerasiz xonalarda, imi-jimida bo‘layotganini u ham yaxshi bilgan.

“Afsuski, barcha tergov jarayonlari aynan kamera bor joyda bo‘lyapti, deb aytolmaymiz. Birgina Andijon voqeasini olsak: bu voqea aniq kamerasiz xonada bo‘lgan. Aynan qaysi xonada ekanini bilmadim, lekin kamerasiz xonada. Insonni bu darajada urish uchun, bilmayman qanday [vahshiy] bo‘lish kerak. Aqlga sig‘dirolmaysiz-da”, degandi Ulug‘bek Muhammadiyev.

Ombudsman Andijon viloyati hokimining “Viloyat hokimiga, Prezident vakiliga “sassiq” gapirib, og‘ziga erk bergandi, shart hujjatlarini to‘g‘rilab, 15 sutkaga tiqib qo‘ydim”, deya gapirgan ovozli yozuviga munosabat bildirgandi.

“Agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, bu inson huquqlarining buzilishi bo‘ladi. Lekin, hokimlarda 15 sutkaga qamash vakolati yo‘q. Bu yerda hokim emas, 15 sutkaga qamagan huquqni muhofaza qiluvchi organ aybdor bo‘ladi. U – mustaqil tashkilot. Demak, qonuniy qaror qabul qilishi kerak. Aytishi kerak: “kechirasiz, janob hokim, men bu ishni qilmayman, chunki bu qonunga zid”. Yuo‘ldi, shu bilan masala yopiladi. Bu yerda barcha mas’uliyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarda”, degandi Ombudsman.

QALAMPIR.UZ Ulug‘bek Muhammadiyevning lavozimidan ozod etilishi sabablarini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari vakili Matbuot xizmati rahbari Fotima Madraximova bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, Muhammadiyev o‘z arizasiga ko‘ra iste’foga chiqqan.

“Ulug‘bek Muhammadiyev besh yillik saylov muddati yakunlangani sababli, o‘z arizasiga ko‘ra, ishdan ketdi. U o‘z nomzodini qayta ko‘rsatishni xohlamadi. Aslida, Ombudsman saylovi 2020 yil bo‘lib o‘tishi kerak edi. Lekin, pandemiya sababli qoldirilgandi”, deydi u.

Bugun, 15 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) etib senator Feruza Farhodovna Eshmatova saylandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

417

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing