Hokimlik “Paxtakor”ga berilgan milliardlarni izohladi
Jamiyat
−
15 iyul 2023 10266 2 daqiqa
Avvalroq Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov mahalliy byudjetdan “Paxtakor” futbol klubi hisobiga 7 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berish haqida qaror imzolagani aytilgandi. Hokimlik mazkur qaror yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
“Paxtakor” futbol klubi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 apreldagi “Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 261-sonli qaroriga asosan Toshkent shahar hokimligi balansiga biriktirilgan va hokimiyat klubning bosh homiysi bo‘lishi belgilangan. Bu esa futbol klubining xarajatlari asosan shahar hokimligi mahalliy byudjet daromadlarining orttirilgan qismidan qoplab berilishini anglatadi”, deyilgan hokimlik munosabatida.
Ma’lum qilinishicha, hozirda “Paxtakor” FK MCHJning 334 nafar xodimi bor va ularning 200 ga yaqini sportchilar hisoblanadi. Ular: asosiy tarkib, ayollar, yoshlar, futzal va ularning turli yoshdagi jamoalari hamda murabbiylardir. Jamiyatning qolgan a’zolari esa OFK va O‘FA reglamenti asosida ishlovchi xizmatchilar sanaladi.
“Klub akademiyasida bugungi kunda 300 dan ortiq yoshlar ta’lim olayotgan bo‘lib, ularning murabbiylari ham MCHJ xodimlari hisoblanadi. Ushbu umumiy jamoaning mehnat haqi, balansdagi 2 ta baza, 8 ta stadionni saqlash, futbolchilarni vitaminlar bilan ta’minlash, zarur texnik jihozlar xaridi, viloyatlardagi va chet ellardagi safarlar xarajatlarining barchasi ta’sischi, bosh va boshqa homiylar zimmasiga yuklatilgan”, deya ta’kidlagan Toshkent shahar hokimligi.
Shuningdek, “Paxtakor” FK MCHJ rahbariyatinning Toshkent shahar hokimligiga joriy yilning 13 iyul kuni yuborilgan xatida bir yillik tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan 2023 yilning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlar va o‘yin o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun klubga 7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi so‘ralgan. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning tegishli qarori bilan klub faoliyati uchun zarur mablag‘ ajratilgan.
“Bu mablag‘ futbolni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, uni kimgadir tegishli tizimni moliyalashtirish degan talqin noo‘rin”, deb yakunlangan munosabat.
Live
Barchasi