Hokimlik Navoiydagi “snos” mojarosiga munosabat bildirdi? 

Tahlil

image
Navoiyda hokimlikka “snos” masalasida yuzlab odamlar yig‘ildi (video) north_east

Navoiyda hokimlikka “snos” masalasida yuzlab odamlar yig‘ildi (video)

Joriy yilning 8 yanvar kuni Navoiy viloyatida yashovchi 10 mingdan ortiq aholi “snos” ishlari sabab ko‘chirilayotgani haqida xabar bergandik. Holat yuzasidan Navoiy viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi: 

“Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi "Hosil" bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatiga qarashli dala hovlilari hududida istiqomat qilayotgan bir guruh aholi tomonidan o‘zlari yashab turgan turar-joylari buzilishidan noroziliklari aks etgan turli xabarlar tarqaldi.

Darhaqiqat, ushbu hududda yashovchi aholi tomonidan ko‘p yillardan buyon dala hovlilarini doimiy turar joylarga (uy sifatida) aylantirish masalasida yillar davomida Respublika darajasidagi turli davlat idoralarga murojaatlar qilib kelingan.

Aholining yuqoridagi mazmundagi mavjud muammo va murojaatlari Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov hamda tegishli mas’ul va mutasaddi rahbarlar ishtirokida yana bir bor muhokama qilindi hamda zarur tushuntirishlar berildi. 

Haqiqatan ham, ayni paytda "Hosil" bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatiga qarashli dala hovlilari 101,82 gektarni egallagan bo‘lib, 23 ta ko‘cha, 1575 ta dala hovlilaridan tashkil topgan. 

Biroq o‘tgan yillar davomida bu hududda aholi tomonidan yashash binolari loyihasiz qurilishi oqibatida ko‘chalar tor, binolar joylashuvi bo‘yicha sanitariya, arxitektura va shaharsozlik talablariga zid holat yuzaga kelgan.
 
Bundan tashqari, dala hovlilarni doimiy turar joylarga aylantirish masalasi bir necha marotaba respublika darajasida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularni doimiy turar-joy toifasiga aylantirish mumkin emasligi to‘g‘risida xulosaga kelingan.

Jumladan: 
1.O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xulosasiga ko‘ra “O‘zbekiston aholi yashash punktlarini loyihalashtirish va qurish sanitariya qoida va me’yorlari” nomli 0227-07-sonli SanQvaM talablariga, aholi uylari sifatida “O‘zbekiston iqlim sharoitlarida yashash uylarini loyihalash, tashkil etish va saqlash sanitariya qoida va me’yorlari” nomli 0331-16-sonli sanitariya qoidalariga va me’yorlari talablariga muvofiq emas, deb topilgan.

2.O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur hududda aholi xonadonlariga kirib chiqish belgilangan me’yor talablariga javob bermasligi, favqulodda vaziyatlar va avariya holatlarida evakuatsiya qilish imkoniyati cheklanganligi,  xonadonlarning aksariyati avariya holatiga kelib qolganligi, kommunikatsiya tizimlari (suv, gaz) binolar ostida qolib ketganligi, foydalaniladigan tabiiy gaz va elektr energiyani sarflash qoidalari buzilayotgani, bino va inshootlarning qurilishi belgilangan talab va qoidalarga zid ekanligi belgilab berilgan.

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrofni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan “Hosil” bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati shaharning sanoat zonasida joylashgan hamda Navoiy kon metallurgiya kombinatiga qarashli “1-gidrometallurgiya” va  “Navoiy mashinasozlik zavodi” korxonalari tomonidan atmosfera havosiga tashlanadigan havoni ifloslantiruvchi moddalar chiqarishga ruxsat etilgan va xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ob’ektlarning sanitar himoya zonalariga kiruvchi qismida aholining doimiy yashashi maqsadga muvofiq emas deb topilgan.

4. “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi tomonidan “Hosil” bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati hududidagi 65 foiz dala hovlilar sanitar himoya zonasida joylashganligi, mavjud ko‘chalarning kengligi  yong‘in xavfsizligi, sanitiriya va texnik me’yorlarga javob bermasligi, hududda ijtimoiy soha (maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va boshqa infratuzilma) ob’ektlari mavjud emasligi, binolarning aksariyati xom g‘isht va paxsadan qurilganligi va boshqa talab hamda me’yorlarga javob bermasligini inobat olib, mazkur hududdagi dala hovli toifasini doimiy turar joy toifasiga o‘zgartirish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida tegishli xulosa berilgan.

Bundan tashqari, Davlat geologiya va mineral resurslar Qo‘mitasi Markaziy O‘zbekiston” geologik tasvirlash ekspeditsiyasi davlat korxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa tegishli vazirlik hamda idoralarning xulosasiga ko‘ra mazkur hududni doimiy turar-joy toifasiga aylantirish mumkin emasligi to‘g‘risida tegishli xulosalarga kelingan. 

Bugungi kunda mazkur dala hovlilar bino va inshootlarning aksariyatiga, doimiy yashash uchun uy-joy sifatida emas, balki dala hovli tarzida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan bo‘lib, mulk sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 

Salkam 30 yildan beri yig‘ilib kelayotgan yuqoridagi kabi ob’ektiv hamda sub’ektiv omillar bugungi kunga kelib aholining turli jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotganligini inobatga olib, Navoiy viloyati hokimligi mavjud holatni tubdan yaxshilash, aholiga qulay shart-sharoit va boshqa qulay infratuzilma ob’ektlarini yaratish maqsadida aynan mazkur hududga oid masalani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etdi.

2019 yil 14 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining SQ-563-III-son qarori viloyat hududlarini kompleks rivojlantirish samaradorligini oshirish va bu jarayonga mahalliy vakillik organlari salohiyatini to‘liq jalb etishga qaratilgan bo‘lib, unda Navoiy shahridagi "Hosil" bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati hududida istiqomat qiluvchi aholiga ham yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadlari ifoda etilgan. 

Haqiqatan ham, ushbu qarorning 3-bandida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda maxsus komissiya tuzgan holda va uning xulosalari asosida "Hosil" bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati hududida istiqomat qiluvchi aholini boshqa joyga ko‘chirish masalasini hal etish belgilangan.

Bundan tashqari, Senat qarorida "Hosil" bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati hududida istiqomat qiluvchi aholini boshqa joyga ko‘chirish masalasi respublika darajasidagi vazirlik va idoralar tomonidan xolisona o‘rganib chiqilishi va masalaning yechimi tegishli tartibda ijobiy hal etilishi nazarda tutilgan.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 avgustdagi “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-5491-son farmoyishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 911-son qarorida fuqarolarning mulk huquqi daxlsizligi belgilab qo‘yilgan. 

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish, shu jumladan, muayyan hududning arxitektura qiyofasini o‘zgartirish va yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari hamda investitsiya va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish doirasida yer uchastkasi yoki uning bir qismini olib qo‘yish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan amalga oshirilishi belgilangan.

Holbuki, mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat qurishning mustahkam poydevori qo‘yilgan bo‘lib, inson omili bosh mezon sifatida davlatimiz taraqqiyotining muhim shartlaridan biridir. Shunday ekan, amalga oshiriladigan barcha islohotlar xalq manfaatlari va qarashlariga hamohang tarzda olib boriladi.

Xususan, Navoiy shahridagi "Hosil" bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati hududida istiqomat qilayotgan va mulk egalari bo‘lgan  fuqarolarning har qanday e’tirozlari tegishli manfaatdor va mas’ul rahbarlar tomonidan chuqur va atroflicha o‘rganilib, aholi manfaatlariga mos tarzda ijobiy hal etiladi.  

Shuning uchun barcha hamyurtlarimiz biryoqlama, to‘laqonli dalillarga asoslanmagan har qanday ma’lumotlardan ortiqcha sarosimaga tushmasliklari, mavjud holatga, yuzaga keladigan har bir muammolarga ongli ravishda, bosiqlik va xolisona yondashishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi”. 

Eslatib o‘tamiz, hujjatga binoan Navoiy viloyatida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasiga qarashli ochiq konlar bilan chegaradosh bo‘lgan Uchquduq tumanidagi “Kokpatas”, Zarafshon shahri yaqinidagi “Muruntau” ovulidagi qariyb 1000 ta xonadon, shuningdek Navoiy shahridagi sanoat zonasida joylashgan shirkat hududidagi 2500 dan ortiq dala hovlilarda doimiy istiqomat qilib kelayotgan 10 mingdan ortiq aholi boshqa joyga ko‘chirilishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

86

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing