Navoiyda hokimlikka “snos” masalasida yuzlab odamlar yig‘ildi (video)
Jamiyat
−
11 yanvar 2020
21994Yodingizda bo‘lsa, Navoiy viloyatida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasiga qarashli ochiq konlar bilan chegaradosh bo‘lgan Uchquduq tumanidagi “Kokpatas”, Zarafshon shahri yaqinidagi “Muruntau” ovulidagi qariyb 1000ta xonadon, shuningdek Navoiy shahridagi sanoat zonasida joylashgan shirkat hududidagi 2500dan ortiq dala hovlilarda doimiy istiqomat qilib kelayotgan 10 mingdan ortiq aholi boshqa joyga ko‘chirilishi haqida xabar bergandik.
Bu masalada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2019 yilning 14 dekabr kunida SQ-563-III sonli qarorni qabul qilgani va qaror yuzasidan Vazirlar Mahkamasi, viloyat hokimligi, viloyat xalq deputatlari Kengashi va boshqa tashkilotlarga bir qator vazifalar yuklatilgani haqida aytilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 11 yanvar kuni Navoiy viloyat hokimligi binosi yoniga mazkur hududlarda yashovchi yuzlab fuqarolar to‘plangan. Ularning aksariyati o‘zlari yashayotgan mulklar buzilishiga norozilik bildirmoqda.
“Yaqinda buzilishlar haqida eshitdik. Biz bir xonadonda farzandlarim bilan beshta oila yashaymiz.Uyimizni buzib ko‘chirishsa, bitta uy berib qutiladi. Farzandlarim, nevaralarim kelajagi nima bo‘ladi? Bir nechta tashkilotlarga bordim. Biz yashaydigan hududni sanitariya zonasi deb aytadi. Lekin qo‘lida biror hujjati yo‘q. O‘sha Senatda o‘tiradiganlarning o‘zi shaxsan kelib vaziyatimizni hali o‘rganishmadi. Qanday qaror chiqarishgan, biz tushunmadik. Minglab insonlarni qo‘chirish oddiy ish emas”, deydi mahalliy aholi vakillaridan biri
Mazkur holat yuzasidan QALAMPIR.UZ tahririyati Navoiy viloyat hokimligi Matbuot xizmatidan izoh oldi.
Unga ko‘ra, viloyat hokimligi yoniga chindan ham yuzlab fuqarolar yig‘ilgan. Viloyat hokimi Qobul Tursunov yig‘ilganlar bilan shaxsan uchrashgan. Bu masalada fuqarolar vahimaga tushmasligi, hozir bu masala jiddiy muhokama qilinayotgani, yetarli yechimlar ko‘rsatilsagina jarayon boshlanishi, u uzoq vaqt davom etishini tushuntirgan.
Shuningdek, har bir xonadonning ko‘chirilishi masalasi alohida tartibda ko‘rilishi, respublikadan mas’ul ishchi guruh tuzilishi, kompensatsiya va boshqa masalalar (ko‘chib boradigan hududida maktab, bog‘cha va boshqa sharoitlar yetarli bo‘lishi) ijobiy hal qilinganidan so‘ng ko‘chirish jarayoni boshlanishi, ungacha fuqarolardan masalaga bosiqlik bilan yondashish lozimligi so‘ralgan.
Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Senatning SQ-563-III sonli qarori asosida xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi, hokimlik va boshqa mutasaddilar 2020 yilning 1 iyuniga qadar mazkur masalani ijobiy hal etishi kerak.
“Barchaning uyi birdaniga buzib tashlanmaydi. Bu qonunan ham mumkin emas. Barcha qonuniy choralar ko‘rilgach, bu jarayon boshlanadi. Bu bir necha oyga ham cho‘zilishi mumkin”, deydi Matbuot xizmati rahbari Dilshod Mamarajabov.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr