Hokimiyat vasvasasi: Sudandagi to‘qnashuvlarda 300 ga yaqin aholi qurbon bo‘ldi
Olam
−
19 aprel 2023 3990 2 daqiqa
Bir necha kundan beri davom etayotgan Sudan armiyasi va Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 270 kishi halok bo‘ldi, 2,6 mingdan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus ma’lum qildi.
Gebreisusning ta’kidlashicha, tibbiy muassasalar ishi xavfli muhit tufayli cheklangan, shu sababli jabrlanganlarga tibbiyot xodimlari va tez yordam mashinalarining kirishi qiyin bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, JSST tomonidan tibbiyot muassasalariga o‘tkazilgan dori-darmonlar zaxiralari allaqachon tugagan. Sudan poytaxti Xartumdagi shifoxonalarda ham xodimlar va hayotni saqlab qoladigan dori-darmonlar yetishmasligi haqida xabar berilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu to‘qnashuvlarda BMT Jahon oziq-ovqat dasturining uch nafar xodimi ham halok bo‘lgan.
Sudanda vaziyat qanday?
Suveren kengashga (mamlakat boshqaruv organi) ham rahbarlik qilayotgan armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon va uning kengashdagi o‘rinbosari maxsus kuchlar qo‘mondoni Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli Sudanda vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Joriy yilning 15 aprel kuni avj olgan to‘qnashuvlar 2021 yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan siyosiy inqirozning davomi ekani aytilmoqda. Tezkor harakat kuchlari va armiya ikki yildan beri o‘tish davri hukumatini shakllantirish bo‘yicha kelisha olmagan turli siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar (RSF) jangarilari mamlakatdagi kamida uchta aeroportni, shuningdek, qator harbiy ob’ektlar va Prezident saroyini egallab olganini aytishgan.
Biroq Sudan Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdel Fattoh al-Burxonning ta’kidlashicha, RSF'ning Prezident saroyi, poytaxt aeroporti va qurolli kuchlar shtab-kvartirasini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. General Burxon “Al Jazeera” nashri bilan suhbatda harbiylar vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini aytgan.
Sudan poytaxti Xartumdagi ko‘plab yo‘llar va ko‘priklar to‘sib qo‘yilgan, aeroport ham urush hududiga aylangan, u yerga parvozlar to‘xtatilgan. Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy harakatlar oqibatida Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti aeroportda yonib ketgan.
Birlashgan Arab Amirliklarining Xartumdagi elchixonasi mojaro qanday kechayotganini katta tashvish bilan kuzatayotganini qayd etib, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish va yangi hukumatni shakllantirishda milliy konsensus (kelishuv)ga erishish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tgan.
Shuningdek, AQSHning Xartumdagi elchisi Jon Godfri o‘q ovozlaridan uyg‘onganini hamda hozirda xuddi Xartumdagi va boshqa joylardagi sudanliklar kabi elchixonada boshqa diplomatlar bilan yashirinib yurganini aytgan.
Live
Barchasi