Hokim yordamchisidan pul olgan Kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i ushlandi 

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida hokim yordamchisidan pul olgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi sobiq boshlig‘i fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Toshloq tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi sobiq boshlig‘i M. B. “Konizar” MFY hokim yordamchisi I. K. ning tavsiyasi asosida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishini o‘rganish maqsadida noqonuniy ravishda tekshirish tashkillashtirib, go‘yoki tekshiruv natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan chora ko‘rmasligini va’da qilgani aniqlangan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi sobiq boshlig‘i buning evaziga I. K. dan 600 AQSH dollarini, bundan tashqari mansab vakolatini suiiste’mol qilib, turli bahonalar bilan 17 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi fosh etilgan hamda ushbu pullar hisobidan 10 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda nafaqaga chiqarib berishni va’da qilib, evaziga pora olgan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mas’uli qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing