Hokim yordamchilari Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
15 yanvar 2022
4643Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Ularning asosiy vazifasi – o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini ko‘paytirishdan iborat.
Buning uchun, hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli bo‘lishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan “ko‘mib tashlamasligi” lozim.
Hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak”, degan Prezident yig‘ilishda.
Yig‘ilishda, shuningdek “mahallabay” ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.
Jumladan, yangi yildan 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi va ularga ko‘mak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborilgani qayd etilgan.
Qayd etilishicha, ushbu tizimga mas’ul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar yechib berildi.
“Endilikda hokim yordamchilari, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozim”, degan davlat rahbari.
Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trillion so‘m subsidiya ajratiladi (har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m).
LiveBarchasi