Hokimlar va hokimlikda ishlaydiganlarning oyligi oshiriladi
Jamiyat
−
10 avgust 18060 3 daqiqa
O‘zbekistonda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari uchun haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi. Bu haqdagi Prezident farmoni 2025 yilning 7 avgust kuni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, hokimlarning, hokimiyatda ishlaydigan xodimlarning lavozim maoshi tabaqalashgan tarif koeffitsiyentlari asosida shakllantiriladi. Bunda ularning ko‘p yillik xizmati va lavozimi inobatga olinadi. Boshqaruv xodimlari tomonidan erishilgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KRІ) asosida har oylik ustamalar, malaka (martaba) darajalari uchun va hisobot davri yakunlari bo‘yicha ular bonus sifatida moddiy rag‘batlantiriladi.

2025 yil 1 avgustdan boshlab, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- lavozim maoshi;
- eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KRІ) erishgani uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar;
- malaka (martaba) darajalari uchun to‘lovlar;
- mukofotlash hamda bonus to‘lovlari.
Ustama va mukofot miqdorlari kim tomonidan belgilanishi ham qayd etilgan. Farmonga ko‘ra, tuman hokimiyatida ishlaydigan xodimga uning birinchi rahbari tomonidan, tuman (shahar) hokimlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari uchun esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan belgilanadi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan haq to‘lash tarif koeffitsiyentlari bo‘yicha pog‘ona xodimning umumiy ish stajidan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda xodimning umumiy ish staji 3 yilgacha bo‘lganda 1-pog‘onaga, 3 yildan 6 yilgacha 2-pog‘onaga, 6 yildan 10 yilgacha 3-pog‘onaga, 10 yildan 15 yilgacha 4-pog‘onaga, 15 yildan 20 yilgacha 5-pog‘onaga, 20 yildan ortig‘i 6-pog‘onaga mos keladi.
Tarif koeffitsiyentlari:
- Toshkent shahri hokimligi xodimlariga 1,6 baravar,
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari xodimlariga 1,4 baravar;
- Toshkent shahridagi tuman hokimliklari xodimlariga 1,3 baravar;
- doimiy aholi soni 300 mingdan ortiq bo‘lgan tuman (shahar) hokimliklari xodimlariga 1,1 baravar oshirilgan holda qo‘llanadi.
Bunda Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan yil boshida e’lon qilinadigan doimiy aholi soniga muvofiq bir yilda bir marotaba doimiy aholi soni 300 mingdan ortiq bo‘lgan tuman (shahar) aniqlanadi.
Tarif stavkasi miqdorini (lavozim maoshini) belgilash uchun tarif koeffitsiyenti mehnatga haq to‘lashning qonunchilikda belgilangan eng kam miqdoriga ko‘paytiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklariga tenglashtirilgan tashkilotlar xodimlarining mehnatiga haq to‘lashda mazkur farmon kuchga kirgunga qadar amalda bo‘lgan tartib saqlab qolinadi.

KRІ uchun beriladigan lavozim maoshiga har oylik ustamalar miqdori chorak yakunlari bo‘yicha reyting baholari asosida belgilanadi va keyingi chorak davomida to‘lab boriladi. Birinchi marta reyting baholash natijalari aniqlangunga qadar xodimlarga har oylik ustamalar miqdori rahbariyat tomonidan ularning faoliyati natijalaridan kelib chiqib, oxirgi chorak (oy) uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida belgilanadi. Ustama to‘lovlari miqdori shtatlar jadvali va xarajatlar smetasida yillik rejalashtirilgan mablag‘lar miqdoridan oshmasligi lozim va uning uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari (ishlar boshqaruvchilari) va bosh hisobchilari javobgar hisoblanadi.

Prezident imzolagan ushbu farmonda ko‘zda tutilmagan boshqa qo‘shimcha ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar to‘lash taqiqlanadi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr