Hofiz Asadning suyak qoldiqlari o‘g‘irlab ketildi (video)
Olam
−
28 aprel 13809 1 daqiqa
Kamuflyaj kiygan noma’lum shaxslar Suriyaning ag‘darilgan prezidenti Bashar Asadning otasi Hofiz Asadning suyak qoldiqlarini uning qabridan chiqarib olib, noma’lum tomonga o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Syria TV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2000 yilda vafot etgan Hofiz Asad Latakiya viloyatidagi Qardaha shahridagi oilaviy maqbarada dafn etilgan. Suriyaning “Zaman al-Wasl” gazetasi e’lon qilgan videolardan birida qabrni ochish jarayoni aks etgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu video 17 aprel kuni olingan.
Ma’lumot uchun, Hofiz Asad 1971 yilda Suriya prezidenti lavozimini egallagan va 2000 yil vafotigacha mamlakatni boshqargan. Keyin hokimiyatni uning o‘g‘li Bashar Asad qo‘lga olgan. Bashar Asad esa o‘tgan yili dekabr oyi boshlarida isyonchilar tomonidan ag‘darildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil noyabr oyida isyonchi kuchlar Suriya hukumat qo‘shinlariga qarshi hujum boshlagan edi. 8 dekabr kuni ular Damashqni egallab oldi va Asad rejimini ag‘darilganini e’lon qildi. Suriyaning sobiq prezidenti esa mamlakatdan qochib, Rossiyadan boshpana topdi. Asad prezidentlikdan ag‘darilganidan keyin noma’lum shaxslar Hofiz Asadning maqbarasini, shu jumladan tobutini yoqib yubordi. Ushbu maqbarada uning rafiqasi Anisa va katta o‘g‘li Basil ham dafn etilgan.
Live
Barchasi