“Hizbulloh” Isroilning uchta pozitsiyasiga hujum qildi
Olam
−
03 yanvar
8669Livandagi “Hizbulloh” harakati Isroil HAMAS yetakchilaridan biri Solih al-Aruriyni Bayrutda o‘ldirganidan so‘ng, Livan bilan chegarada Isroilning uchta harbiy ob’ektiga zarba berdi. Bu haqda harakat vakillari ma’lum qildi.
Aytilishicha, Isroilning Jal al-Alem harbiy ob’ektiga raketalar otilgan, Merj va Mitat harbiy punktlariga esa tegishli qurollardan foydalangan holda hujum qilingan.
O‘z navbatida, Livan Bosh vaziri Najib Mikati mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga Isroilning Bayrutga hujumi yuzasidan BMTga shikoyat qilish haqida topshiriq bergan.
Najib Mikati idorasining bayonotiga ko‘ra, Bosh vazir Livan Tashqi ishlar vaziri Abdulloh Buhabib bilan HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriyga nisbatan suiqasdni muhokama qilgan.
Bosh vazir Mikatining ta’kidlashicha, dose (muayyan ish yoki masala bilan bog‘liq hujjatlar va materiallar to‘plami, shuningdek, ushbu materiallar jamlangan papka) da Bayrutga qilingan so‘nggi hujum hamda Isroilning Livanga qarshi so‘nggi qonunbuzarliklari keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 yanvar kuni kechasi HAMAS Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya harakatning Bayrutdagi idorasiga Isroilning hujumi oqibatida yetti kishi, jumladan al-Aruriy halok bo‘lganini aytgandi. “Hizbulloh” Bayrutda sodir etilgan qotillik javobsiz qolmasligini ta’kidlagandi.
HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriy 1966 yil 19 avgustda Ramallohda tug‘ilgan. U “Izzad-Din al-Qassam” brigadalarini yaratishda ishtirok etgan va Isroil qamoqxonalarida 15 yil o‘tirganidan so‘ng deportatsiya qilinib, Livanda yashay boshlagan.
Al-Aruriy 2011 yil 11 oktyabrda HAMASning Isroil bilan muzokaralari ishtirokchilaridan biri edi. O‘shanda bir isroillik askar evaziga 1027 falastinlik asir ozod qilingan.
LiveBarchasi