“Hizbulloh” Isroil bilan urushning yangi bosqichini e’lon qildi
Olam
−
18 Oktabr
7087Bugun, 18 oktyabr kuni Livanning “Hizbulloh” harakati Isroil bilan qarama-qarshilikning yangi bosqichiga o‘tayotganini e’lon qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Guruh o‘z bayonotida Livanda quruqlikdagi operatsiyalar natijasida Isroil kuchlariga katta talafot yetkazilganini qayd etdi. Xususan, operatsiyalar davomida Isroilning 55 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq kishi yaralangan.
“Hizbulloh” Isroilning janubiy Livanga bo‘lgan quruqlikdagi har qanday hujumiga qarshi tayyor turishganini bildirgan. Guruhning qayd etishicha, Isroil 70 mingdan ortiq askar va yuzlab harbiy texnikani Livan chegarasiga joylashtirgan.
Qayd etish joizki, “Hizulloh”ning bu bayonoti kecha, 17 oktyabr kuni Isroil HAMAS siyosiy byurosi rahbari Yahyo Sinvarning G‘azo sektorida o‘ldirilganini e’lon qilishi fonida paydo bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Isroil 23 sentyabr kuni Livanda "Shimol o‘qlari" deb nomlangan harbiy operatsiyani boshlagan edi. Operatsiya davomida “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh va harakatning boshqa yuqori lavozimdagi vakillari o‘ldirildi. 1 oktyabr kuni Isroil Livanda quruqlikdagi operatsiya boshlanganini e’lon qildi va keyinchalik bu operatsiya bir necha bor kengaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2023 yil 8 oktyabrdan beri Isroilning Livandagi zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 2350 kishiga yetgani xabar qilingandi.
Farangiz Qosimova