Hissiyotga berilmang – Toshkent hokimligi tarixiy mozaikalar “o‘chirilayotganiga” munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Chilonzor tumanidagi “Katta Olmazor” mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning fasad qismidagi bezakli kafellarning usti bo‘yalayotgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati holatga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, binolardagi tasvirlar ustidan bo‘yab tashlanayotgani yo‘q, aksincha, mutaxassis bergan tushuntirishga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar devoridagi mozaikalar shaharning diqqatga sazovor jihatini saqlab qolishga qaratilgan maxsus material bilan qoplanmoqda. Ishlar to‘liq yakuniga yetganidan so‘ng, material qum-oqim usuli bilan yuviladi va mozaika tasvirlari poytaxt aholisi ko‘zi oldida o‘zining boshlang‘ich, biroq endi mustahkamroq ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. 

Shuningdek, hokimlik mazkur masalada o‘z fikrini yozib qoldirgan ijtimoiy tarmoq vakillaridan hissiyotlarga boy savollarni berish va haqoratli ohangdagi gaplarni yozishdan avval, ma’lumot va masalalarga aniqlik kiritishni, hech bo‘lmasa, o‘z gapida tilga olayotgan hujjat bilan tanishib chiqishni maslahat berdi. 

Unga ko‘ra, berilayotgan ma’lumotlardagi shoshqaloqlik u yoki bu davlat idoralari yohud mansabdor shaxslarga nisbatan ijtimoiy tarmoqlardagi xayp va ommaviy hujumdan boshqa hech qanday natija bermayotganini amaliyot bir necha bor ko‘rsatdi. 

“Hurmatli bloger” o‘z postida tilga olgan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarorining to‘liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Chilonzor tumani hokimligining tegishli mutasaddilaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mahalladagi mazkur uylar qurilganiga 40 yildan oshganligi sababli fasadlardagi mozaikalar ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Shu bois, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan 2022 yil 3 mart sanasida qabul qilingan “Toshkent shahrida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi VI-57-50-14-0-K/22 sonli qaror asosida pudratchi tashkilot tomonidan mahalladagi 9 qavatli uylarning fasadlarida ta’mirlash ishlari boshlangan.

Lekin shu yerda yashovchilarning ayrimlarida ta’mirlash ishlariga e’tiroz bo‘lgani uchun hozirda uylarning yon qismidagi  kafelli mozaikalarni bo‘yash ishlari to‘xtatilgan. Uylarning old va orqa qismlaridagi fasadlarni ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

120

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing