Hisobimda 50 mln dollar bor edi, so‘ng hech vaqosiz qoldim – Al Pachino

Olam

image

“Cho‘qintirgan ota” filmi yulduzi, 84 yoshli amerikalik aktyor Al Pachino 2010 yillar boshida hisobchisining firibgarligi va o‘ylamasdan qilgan xarajatlari tufayli butun boyligidan ayrilgan. Bu haqda aktyor o‘zining yaqinda chop etilgan “Sonny boy” nomli xotira kitobida aytib o‘tdi.

Pachinoning so‘zlariga ko‘ra, atrofdagilar buxgalterning sinalmagani va unga to‘liq ishonmaslik lozimligi haqida ogohlantirgan, ammo aktyor bu so‘zlarga ahamiyat bermagan.  Al Pachino bir nechta yirik xaridlarni amalga oshirgandan so‘ng, hisobini tekshirib ko‘rganda pullari yo‘qolganini aniqlagan.

“Shaxsiy hisobimda 50 million dollar bor edi, so‘ng hech narsasiz qoldim. Uyim bor, lekin kundalik xarajatlarga pulim qolmagan edi. O‘sha paytda vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek edi”, deb eslaydi aktyor.

Ma’lum muddat o‘tib firibgar hibsga olingan va 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Pachinoning tan olishicha, avvallari aktyor o‘zi yashab turmagan uyning landshaft dizayneriga yiliga 400 ming dollar haq to‘lab, pulni ko‘kka sovurgan.

Moliyaviy inqiroz uni pul topish uchun har qanday rollarni qabul qilishga va reklamalarda chiqishga majbur qildi. O‘sha davrda aktyor “Jek va Jill” komediyasida va qahva reklamasida chiqqan. So‘ng u katta hovlisini sotib, moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun universitetlarda turli seminarlar o‘tkaza boshlagan.

Ma’lumot uchun, Al Pachino 1940 yilning 25 aprelida Nyu-Yorkda tug‘ilgan. Kino olamidagi debyutini 29 yoshida “Men, Natali” filmidagi ikkinchi darajali rol bilan boshlagan. Muvaffaqiyatli kino karerasidan tashqari, Al Pachino mashhur teatr aktyori hisoblanadi. U faoliyati davomida “Cho‘qintirgan ota”, “Amerika farishtalari”, “Guchchi uyi”, “Ikkinchi imkoniyat”, “Simona”, “Ayol tarovati” filmlari va ko‘plab loyihalarda suratga tushgan. U o‘zini rejissyor sifatida sinab ko‘rib, 1996 yilda Uilyam Shekspirning “Richard III” pesasiga bag‘ishlangan “Richardni qidiryapman” hujjatli filmini suratga olgan. Aktyor “Oskar”dan tashqari, beshta “Oltin globus”, Britaniya kino va televideniye san’ati akademiyasining BAFTA mukofoti, ikkita “Emmi” va ikkitadan “Toni” mukofotiga ega. Bundan tashqari, u kinoga qo‘shgan ulkan hissasi uchun bir qancha faxriy mukofotlar, jumladan, AQSH milliy san’at medali (2012), “Sesil B.DeMill” maxsus mukofoti (2001) va ikkita Venetsiya kinofestivalining sovrindori kabi mukofotlar bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Al Pachino 83 yoshida to‘rtinchi bor ota bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Bolaning onasi aktyorning 29 yoshli sevgilisi, prodyuser Nur Alfalladir. Al Pachinoning suyuklisi o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan va unga juftlik Roman Pachino deb ism qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

dollar Hisob

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing