Hindistondan Rossiyaga 100 mingdan ortiq migrant kirdi – OAV

Olam

image

Rossiyaga Hindistondan 100 mingdan ortiq mehnat muhojiri kirib bordi. Ularga Rossiya Hindistonga neft sotishdan oladigan rupiylar hisobidan ish haqi to‘lanishi mumkin. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, chegara statistikasi o‘tgan yilning birinchi choragida Rossiyaga qariyb 32 ming nafar hindistonlik, ikkinchi choragida 36 ming, uchinchi choragida esa 63 ming kishi kirganini qayd etgan. 2025 yil oxiriga kelib Rossiyada 80 ming nafargacha Hindiston fuqarosi ishlagan. Shu davrda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 2026 yil uchun yana 71 ming 800 nafar Hindiston fuqarosini kvota asosida jalb qilish to‘g‘risida bitim imzolagan.

Hindistonlik ekspertlarning aytishicha, Rossiya mamlakatda mahalliy ishchilarni maqsadli ravishda yollamoqda. Rossiyadagi ish haqi ular uchun oyiga 475-950 yevroni tashkil etadi, bu Hindistondagi daromadlardan ancha yuqori. 2025 yil dekabr oyida Sankt-Peterburg ko‘chalarida hindistonlik gastarbaiterlardan iborat butun brigadalar paydo bo‘la boshlagan. Ular oyiga 100 ming rubl maosh, bepul turarjoy, ovqatlanish va rus tili kurslari berilayotganini aytgan.

“Rossiyaga ishchilar kerak, Hindistonga esa ishsizlikni eksport qilish zarur”, deydi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan hind diplomati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mehnat migratsiyasi ilgari ham “norasmiy va tartibsiz” tarzda mavjud bo‘lgan, hozir esa u tizimlashtirilgan.

Mutaxassislarning fikricha, hindistonliklarning mehnati uchun, ehtimol, Moskva Hindistonga neft sotishdan olayotgan rupiylar bilan haq to‘laydi. Hozir bu mablag‘lar “muzlab qolgan”, chunki Rossiya Hindistondan juda kam mahsulot sotib oladi. Ya’ni, amalda neft inson mehnatiga almashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning 11 oyi davomida Rossiya hududlari xorijiy fuqarolarni ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish uchun aviachiptalar xaridiga 828,5 million rubl yo‘naltirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant Hindiston mehnat muhojiri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing