Hindistonda shifoxonadagi yong‘inda kamida 10 chaqaloq halok bo‘ldi
Olam
−
16 noyabr
2367Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtatidagi shifoxonaning neonatal bo‘limida yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 10 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning “Times Now” nashri xabar berdi.
Mahalliy hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yong‘in Jansi shahridagi Maharani Lakshmi Bay tibbiyot kollejining reanimatsiya bo‘limida sodir bo‘lgan.
O‘t o‘chiruvchilar yetib kelganida, palatalarni alanga va tutun qoplagan. Qutqaruvchilar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga yetib borish uchun derazalarni yorib o‘tishga majbur bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, qutqaruv operatsiyasi yong‘in boshlanganidan taxminan 30 daqiqa o‘tib boshlangan va bu evakuatsiya ishlarini kechiktirgan.
Hindiston Bosh vazirining o‘rinbosari Bradjesh Patxakning ma’lum qilishicha, yetti jasadning shaxsi aniqlangan. Uch nafar jasadning shaxsi hali noma’lumligicha qolmoqda. 45 nafar chaqaloq qutqarib olingan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
“16 nafar chaqaloqning ahvoli og‘ir”, deb yozadi “Times Now” nashri.
NDTV telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in boshlanganda reanimatsiya bo‘limida 54 chaqaloq bo‘lgan.
“Ushbu fojia uchun aybdorlarni aniqlab, qattiq choralar ko‘ramiz. Hukumat bu og‘ir damlarda oilalar bilan birga bo‘ladi”, degan mahalliy rasmiylardan biri.
Ma’lumot uchun, yong‘inlar Hindistonda yomon qurilish amaliyoti, odamlarning haddan tashqari ko‘pligi va xavfsizlik qoidalarining yomonligi tufayli tez-tez uchrab turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS va Isroil o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan beri G‘azo sektorida 115 chaqaloq halok bo‘lgani xabar qilingandi. O‘lganlarning barchasi sakkiz oylikdan kichik bo‘lgan.
LiveBarchasi