Hindistonda Nipah virusi qayta avj oldi

Olam

image

Hindistonda Nipah virusi qayta avj oldi. Bu haqda The Wall Street Journal sayti xabar berdi.        

Unda aytilishicha, Virus deyarli ikki million aholi istiqomat qiladigan Kojikodi shahrida aniqlangan. Rasmiylar aholini vahima ko‘tarmaslikka, karantin qoidalariga rioya qilishga chaqirmoqda.

Shuningdek, Hindiston hukumati Kerala shtatida besh kishi, jumladan, bir bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan virusning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ommaviy test joriy qildi.

Bundan tashqari, rasmiylar jamoaviy yig‘ilishlarni cheklab, maktablar va idoralarni yopdi, ko‘chalarni antiseptiklar bilan dezinfeksiya qilishni buyurdi.

“Nipah hayvonlardan yuqadigan, kam uchraydigan, ammo xavfli virus. Kasallik isitma, qusish va o‘tkir nafas simptomlariga sabab bo‘lishi mumkin. Og‘ir holatlarda tutqanoq va ensefalit – miyaning yallig‘lanishi va komaga ham olib keladi”, deyiladi xabarda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti  ma’lumotlariga ko‘ra, virusdan o‘lim darajasi 40-75 foizni tashkil qiladi. Ushbu yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari infeksiyaga qarshi vaksina yo‘qligi bilan bog‘liq.

Ma’lum qilinishicha, hozir Hindistonda Nipah kasalligi to‘rtinchi marta avj olishi. Davlat keng ko‘lamli testlar va bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni qattiq izolyatsiyaga olish orqali bir necha hafta ichida dastlabki natijaga erishgan.

“Oxirgi 20-30 yil ichida hayvonlardan odamga yuqadigan zoonoz kasalliklar soni ortdi. Birinchidan, sanoat dehqonchiligi hayvonlar orasida patogenlarning tarqalishi xavfini oshiradi. Ikkinchidan, o‘rmonlarni kesish yovvoyi tabiat, uy hayvonlari va odamlar o‘rtasidagi aloqani kuchaytiradi”, deydi ingliz olimlari.

Qolaversa, hindistonlik mutaxassislar ham bu virusning xavfliligini ta’kidlab,  iqlim inqirozi zoonoz kasalliklar soni ortishiga sabab bo‘layotgani, 50 yil ichida 15 000 turdagi viruslar tarqalish ehtimolidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘arbiy Afrikada joylashgan Ekvatorial Gvineyaning savdo portlaridan birida Marburg virusi aniqlangani va olimlar ushbu virusni 2014 yilgi Ebola virusi kabi xalqaro epidemiyaga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgani haqida xabar bergan edik.

Mashhura Imomova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Nipah virusi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing