Hindiston Vashingtondan sotib oladigan dronlardan Xitoy bilan chegarada foydalanmoqchi – WSJ
Olam
−
23 iyun 2023 5957 2 daqiqa
Hindiston AQSHdan sotib olinadigan MQ-9B dronidan Xitoy bilan chegarani qo‘riqlashda foydalanmoqchi. Bu haqda kecha, 22 iyun kuni “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.
Aytilishicha, hozirda Nyu-Dehlida Hindiston va Isroilda ishlab chiqarilgan o‘nlab dronlar mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi ilg‘or sensorlar va kameralar bilan jihozlangan. MQ-9B’dan esa razvedka va uchuvchisiz havo vositalariga zarba berishda foydalaniladi.
Hindiston rasmiylarining bildirishicha, dronlar Xitoy qo‘shinlari va qurol-yarog‘lari, artilleriya pozitsiyalari va yangi chegara infratuzilmasi joylashtirilishi haqida ma’lumot yig‘moqda.
E’tiborli jihati shundaki, 2020 yilning may-iyun oylarida Hindiston va Xitoy chegarasida joylashgan Ladax tog‘li hududida ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan, oqibaqtda ikki tomondan ham qurbon bo‘lgan. Nyu-Dehli va Pekin hududga og‘ir artilleriya, tanklar va samolyotlar olib borgan. Harbiy va diplomatik darajadagi qator muzokaralardan so‘ng tomonlar qo‘shinlarni to‘qnashuv chizig‘idan bosqichma-bosqich olib chiqishni boshlagan.
Ma’lumot uchun, Himolayda Xitoy va Hindiston o‘rtasida demarkatsiya qilingan chegaraning yo‘qligi o‘nlab yillar davomida keskinlik manbai bo‘lib kelgan. 1959 yilda Nyu-Dehli Xitoy tomoni Arunachal-Pradesh shtatining bir qismini egallab olganini e’lon qilgan. 1962 yilda esa qurolli to‘qnashuv boshlangan va natijada Ladax va Aksay Chin viloyatlaridagi 38 ming kvadrat metrga yaqin hudud Xitoy nazoratiga o‘tgan.