“Himoyalanishga qodirmiz”. Eron elchisi KXDR taklifini rad etdi

Olam

image

Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In agar Eron xohlasa, o‘z raketalarini berishga tayyor ekanini aytgan edi. Biroq Eron hech bir davlatdan yordam olmaydi va o‘zini himoya qilishga qodir. Bu haqda bugun, 4 mart kuni Eronning O‘zbekistondagi elchixonasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida elchi Muhammad Ali Iskandariy ma’lum qildi.

Uning aytishicha, agar Eronga qo‘shni davlatlar o‘z hududidagi harbiy bazalarni mamlakatga qarshi hujum uchun taqdim etsa, ular Eron uchun qonuniy nishon hisoblanadi. Bu urush boshlanishidan oldin ham ochiq va ravshan e’lon qilingan.

“Biz avval ham aniq aytganmizki, Amerika ob’ektlari, aktivlari va kuchlariga qayerda yetish imkonimiz bo‘lsa, o‘sha yerda zarba beramiz. To‘g‘ridan to‘g‘ri AQSH hududiga yetish imkonimiz yo‘qligi sababli, qo‘limiz yetadigan joylardagi harbiy ob’ektlar va infratuzilmaga zarba beramiz. Masalan, Quvaytda Amerika harbiy samolyotlari faoliyatini ko‘rdik. Imkon bo‘lgan joyda ularning uchta samolyotini urib tushirdik”, deydi elchi.

Uning aytishicha, shu bilan birga, Eron biz qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabatlarga ega. Masalan, Eronning eng yirik savdo hamkori – Birlashgan Arab Amirliklari. Umuman, mintaqa davlatlari bilan yaxshi aloqalar bor.

“Biz faqat Amerika ob’ektlari va unga tegishli infratuzilmaga zarba berdik. Boshqa joylarda sodir bo‘lgan hodisalar “soxta bayroq” ostida, ya’ni boshqalar tomonidan amalga oshirilgan. Bu bizning ishimiz emas”, deydi Muhammad Ali Iskandariy.

Uning aytichicha, so‘nggi o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, mintaqa aholisining 90 foizi Amerika harbiy bazalarining chiqib ketishini istaydi. Mintaqa xalqlari va hukumatlari o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklarning asosiy sabablaridan biri ham aynan Amerika harbiy bazalarining mavjudligi. Bundan tashqari, Amerika ob’ektlarining ko‘pchiligi aslida josuslik markazlari, jumladan, “Mossad” faoliyati bilan bog‘liq maskanlar hisoblanadi.

“Biz urush istamaymiz. Agar tajovuz to‘xtatilsa, biz ham himoya harakatlarini to‘xtatamiz. Tajovuz to‘xtamaguncha muzokara bo‘lmaydi. Shundan keyin qaror qabul qilinadi”, deydi Eron elchisi.

QALAMPIR.UZ jurnalisti elchiga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Eron xohlasa, o‘z raketalarini taqdim etishga tayyorligini aytgani haqida savol berdi.

“Biz faxr bilan aytamizki, hech bir davlatdan yordam so‘ramaganmiz. O‘zimizni himoya qilishga qodirmiz. Biz hozir Amerika yoki Isroil bilan emas, balki hamma narsani o‘z nazoratiga olmoqchi bo‘lgan bir mafkura bilan kurashyapmiz”, deydi Ali Iskandariy.

Uning bildirishicha, bu yondashuv 1945 yildan keyin shakllangan xalqaro tizim va uning qoidalariga borib taqaladi. Ammo Amerika va Isroil 7 oktyabrdagi voqealarni bahona qilib, xalqaro tizimni o‘zgartirishga urinmoqda.

“Biz qiyinchiliklarga duch kelamiz, ammo ularni yengib o‘tamiz. Biz sakkiz yillik urushni ham boshdan kechirganmiz – Eron-Iroq urushi davrida Sovet Ittifoqi ham, G‘arb bloki ham Iroqni qo‘llab-quvvatlagan. Shunga qaramay, biz bu sinovdan o‘tdik”, deydi elchi.

Shuningdek, uning aytishicha, Eron iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham mintaqada yetakchi o‘rinlarda bo‘lgan – birinchi, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinlarda. Ayrim sohalarda dunyodagi eng kuchli o‘nlikka kiradi. Ilm-fan va texnologiya sohasida ham yutuqlar bor, masalan, kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchiriladi. Agar imkoniyat kengroq bo‘lsa, Eron bundan ham ko‘proq natijalarga erishishi mumkin.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.

Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.

Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.

Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Muhammad Ali Iskandariy AQSh–Isroil–Eron urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing