Hilola Umarova maktab direktorini qamatgan hokimga nishon taqdi
Jamiyat
−
10 iyul
51845Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bundan qariyb bir yil oldin maktabning direktori bilan janjallashgan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovni “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Umarova Surxondaryo viloyatidagi ta’lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilar, faxriy ustozlar bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda samarali faoliyat yuritayotgan 6 nafar o‘qituvchiga “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda faol o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda viloyatda 978 ta maktab mavjud bo‘lib, ularda qariyb 57 ming nafar pedagog-o‘qituvchi ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori majlisda tasvirlangani aks etgan video tarqalgandi. Videoda hokim direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblaganini ko‘rish mumkin. Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan.