Hech qanday bosim Isroilni to‘xtata olmaydi – Netanyaxu
Olam
−
06 may
7775Isroil tashqi bosim tufayli butunlay yolg‘iz qolsa ham “o‘zini himoya qilishga tayyor”. Bu haqda yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Xolokostni xotirlash marosimida so‘z ochdi.
“80 yil oldin, Xolokost paytida yahudiy xalqi bizni yo‘q qilmoqchi bo‘lganlar oldida butunlay himoyasiz edi. Birorta davlat bizga yordam bermadi. Bugun biz yana halokatimizni xohlaydigan dushmanlarga duch keldik. Men butun dunyo yetakchilariga aytaman: qanday bosim bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday xalqaro forumda qanday qarorlar qabul qilinmasin, Isroil o‘zini himoya qilishdan to‘xtamaydi”, deya ta’kidlagan Bosh vazir.
U urushni davom ettirishga va’da berdi.
“Yagona yahudiy davlati bo‘lgan Isroilning Bosh vaziri sifatida men bugun Quddusda Xolokostni xotirlash kunida va’da beraman: agar Isroil yolg‘iz turishga majbur bo‘lsa, Isroil yolg‘iz qoladi. Lekin biz yolg‘iz emasligimizni bilamiz, chunki butun dunyo bo‘ylab ko‘plab munosib insonlar bizning adolatli ishimizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Va men sizlarga aytamanki, biz genotsid dushmanlarimizni yengamiz”, degan Netanyaxu.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden va G‘arb rasmiylarining Rafahga mumkin bo‘lgan quruqlik hujumi tinch aholining ko‘proq qurbon bo‘lishiga va gumanitar inqirozning kuchayishiga olib kelishi haqida ogohlantirgan va operatsiyani evakuatsiya rejasisiz qo‘llab-quvvtlamasligini bildirgandi. Shunga qaramay, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu SAXAL “operatsiya”ni amalga oshirishini ma’lum qildi. Amerika matbuoti Isroil bir hafta ichida Rafahga qarshi "keng ko‘lamli quruqlikdagi operatsiya"ni boshlashi mumkinligini yozdi. Isroil AQSH hukumatini blokada ostidagi G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga quruqlikdan hujum qilganida falastinlik tinch aholini evakuatsiya qilish rejasi haqida xabardor qildi.