Hayit bayrami kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida mojaro yuz berdi
Jamiyat
−
14 may 2021
30892Kecha, 13 may kuni Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida maishiy mojaro kelib chiqdi. Qayd etilishicha, hududda janglar ham kuzatilgan.
Xabar qilinishicha, 13 may kuni Botken tumani Soy qishlog‘i va O‘zbekistonning So‘x tumani Chashma qishlog‘i aholisi o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Ikki aholi punkti aholisi chegara zonasida to‘plangan. Voqea joyiga kuch tuzilmalari va ikki davlatning mahalliy hokimiyati vakillari yetib kelgan. Aholi bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. So‘x va Botken huquqni muhofaza qilish idoralari voqeani tekshirmoqda.
Tuman hokimi Uchqun Jo‘robekov bergan izohida, o‘zbek qishlog‘i aholisiga tegishli chorva mollari Qirg‘iziston hududiga o‘tib ketganini ma’lum qildi.
“Bu haqda Qirg‘iziston fuqarolari Chashma qishlog‘ida yashovchilarga mollarini qaytarib olishlari uchun xabar bergan. Shu o‘rinda, mojaro yuzaga kelgan. Ammo bu unchalik katta janjal emas edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Soy qishlog‘ining ikki aholisini kaltaklagan, so‘ngra o‘z joyiga qochib ketgan. Ayni paytda Aydarken va So‘x chegara otryadlari boshliqlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari joylarda aholi bilan tushuntirish ishlarini olib bormoqda”, deydi hokim.
Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakolatli idorasi xabar qilishicha, soat 15:00 gacha ikki chegaradosh qishloq aholisi tarqalib ketgan. Mojaro ishtirokchilari yarashtirilgan. Shu bilan birga, voqea yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.
Chegara hududidagi vaziyat hukumatning mintaqadagi elchixonasi tomonidan barqaror deb baholanmoqda.
Bu o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi birinchi to‘qnashuv emas. 2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergandi.
Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.
O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon mazkur jinoyat ishini ko‘rish ishlari davom etayotgan bo‘lib, sud muhokamasi yakunlanmoqda.
Farg‘ona viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, "So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, chegara hududidagi to‘qnashuv ortidan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga borgandi. U Botken viloyatida Qirg‘iziston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari (hozirda Bosh vazir) Kubatbek Boronov bilan uchrashgandi.
Joriy yilning 18 mart kuni Farg‘ona viloyat sudida So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan ayblangan 22 nafar shaxsga hukm chiqarildi.
LiveBarchasi