Haydovchilarni so‘kkan tuman YHXB boshlig‘i o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2019
10822Joriy yilning 22 oktyabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani IIB YHXB katta inspektori leytenant Usmon Zamonov tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tuman yo‘nalishsiz taksi haydovchilarga nisbatan haqoratlarga to‘la audioyozuv tarqalgandi.
Tarqatilgan audio yozuv yuzasidan 23 oktyabr kuni soat taxminan 21:30larda Yangiyo‘l shahrida joylashgan YHXB ma’muriy binosi atrofiga taxminan 100ga yaqin yo‘nalishsiz taksi haydovchilari izoh berilishini so‘rab yig‘ilishdi.
Shunda Viloyat IIBB 4-mintaqaviy hudud, Yangiyo‘l shahar va tuman IIB rahbarlari yig‘ilganlar bilan uchrashib, YHXB katta inspektori Usmon Zamonovga nisbatan hozirda xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligini, barcha to‘plangan hujjatlar prokuratura idoralariga yuborilib, qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi tushuntirilganib, ularni tarqatib yubordi.
Toshkent viloyati IIBB tomonidan olib borilgan batafsil tekshiruv ishlari natijalariga ko‘ra, Usmon Zamonov dastlab mazkur audio yozuv unga tegishli emasligini Telegam ijtimoiy tarmog‘idagi norasmiy kanallarda xabar qilgan bo‘lsa-da, tekshiruv davomida audioyozuv haqiqatdan ham o‘ziga tegishli ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Usmon Zamonov o‘zining tushuntirish xatida joriy yilning 22 oktyabr kuni Telegram`dagi “Voditeli Yangiyulya” nomli guruhda taksi haydovchilari tomonidan YPX xodimlarini kamsituvchi postlar tarqatilganidan so‘ng, ularga javoban, ushbu haqoratli audio yozuvni yuborganligini tan olgan.
YPX inspektori ushbu xatti-harakatlari bilan fuqarolar o‘rtasida ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar kelib chiqishiga hamda jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lganligi uchun, viloyat IIBB rahbariyatining ko‘rsatmasiga asosan, YHXB katta inspektori leytenant Usmon Zamonov egallab turgan lavozimidan chetlatildi.
Hozirda prokuratura tomonidan holatga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Yangiyo‘l tumani IIB YHXB xodimlari joriy yilning 1 oktyabr kunidan 23 oktyabr kuniga qadar, viloyat Transport boshqarmasi bilan hamkorlikda “Litseniyasiz yo‘lovchi tashish” faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 56 nafar haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirib, avtoulovlar jarima maydonchasiga joylashtirilgan. O‘tkazilgan “Reyd” tadbirlari davomida leytenant Usmon Zamonov shaxsan ishtirok etganligi aniqlandi.