Hatto, o‘z fanidan oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar bor ekan – Baxtiyor Saidov

Jamiyat

image

Bugun, 29 noyabr kuni O‘zbekiston Xalq ta’limining yangi vaziri Baxtiyor Saidov viloyatlarga qilgan safarlaridan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi. Xususan, u ayrim o‘qituvchilar bilan suhbatlashgani, ularning orasida “hatto, o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar”ga duch kelganini ta’kidladi.

“O‘tgan haftada vazirlik vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birgalikda 3 ta viloyatda bo‘ldik. Maktablarning sharoitlarini o‘rgandik. To‘g‘risi, ahvol qoniqarli emas. Afsuski, maktablarimizda ta’lim sifatini yaxshilash uchun juda katta va ko‘p ishlar qilishimiz kerak”, deydi vazir. 

Shuningdek, Baxtiyor Saidov bugungi kunda hudud rahbaridan o‘z viloyat va tumanidagi barcha maktablar sharoitini bilishi talab etilishini qayd etgan.

“Davlatimiz Rahbari ta’lim tizimi, farzandlarimizning kelajagi haqida juda kuyunyaptilar va eng oliy vazifamiz, deb belgilayaptilar. Shu bois, kerak bo‘lsa har bir hudud rahbaridan bugun o‘z viloyat va tumanidagi barcha maktablar sharoitini bilish talab etiladi”, deydi u. 

Xalq ta’limi vaziri joylarda fan o‘qituvchilarining bilim va saviyasini oshirish kerakligini alohida qayd etib, ularning ba’zilari, hatto o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmasligini tilga olgan.

“Joylarda fan o‘qituvchilarining bilim va saviyasini oshirishimiz kerak. Ayrim o‘qituvchilar bilan suhbatlashdim, afsuski, hatto o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar bor ekan.

O‘z navbatida, janob vazir o‘zi shaxsan yuzlangan muammoga yechim ham taklif qildi.

“Xo‘sh, nima qilish kerak? Viloyatda, tumanda, maktabda hatto bir nafar yaxshi pedagog bo‘lsa ham foydalanib, kerak bo‘lsa uni qolgan hamkasblariga mahorat darsi o‘tkazishga jalb etgan holda maktablarda ta’lim sifatini oshirishimiz kerak. Sinfda 20 nafar boladan 18 nafari fanni zo‘r bilsa, demak bu o‘sha fan o‘qituvchisining yutug‘i, demak u o‘quvchilarini o‘z faniga qiziqtira olgan. Agar shu sinf o‘quvchilaridan 1-2 nafarigina fandan bilimi kuchli bo‘lsa, demak u iqtidorli o‘quvchi yoxud ota-onasi repetitorga bergan, o‘qituvchi esa dars vaqtida o‘z fanini yetkazib bera olmayotganidan dalolat”, deydi u. 

Shuningdek, Saidov o‘qituvchining qo‘lida inson taqdiri yotganini urg‘ulagan.

“To‘g‘ri, maktabda sharoit yo‘q dersiz, lekin o‘qituvchi o‘sha yerda vaqtini ketkazib o‘tiribdi-ku, jonkuyarlik bo‘lmasa nima qiladi bu kasbni tanlab?! Uning qo‘lida inson taqdiri yotibdi! Maktablarda sharoit, infratuzilma yaxshilanishini kutsak, bolalarni yo‘qotamiz.

Menga kelgan murojaatlardan ko‘rinib turibdiki, joylardagi ayrim maktablarda muhit yaxshi emas. Mazkur maktablardagi muhitni yaxshilashga hatto hudud xalq ta’limi rahbarining ham kuchi yetmayapti.

O‘qituvchilar o‘z murojaatlarida meni maktablariga borib, sharoitni o‘rganishga taklif qilgan. Qani edi, hamma maktablarga birdaniga borishga imkonim bo‘lsa har birining holatini o‘rganib, shaxsan nazoratga olardim. Bunga vaqt kerak, lekin albatta hammasiga boramiz. Bu yo‘nalishda hududiy rahbarlar bilan tizimli ish tashkil qilishga kelishib oldik. Hudud rahbarlarining mas’uliyatini va vakolatini yanada oshiramiz”, deydi Saidov. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

991

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing